O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Jaloliddin Masharipov Osiyo Kubogi 1/4 finali doirasida Qatarga qarshi o‘tkazilgan o‘yindagi penaltilar seriyasiga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda "Olamsport" xabar berdi.
Yaqinda Eronning "Istiqlol" klubiga ko‘chib o‘tgan va "Malavan"ga qarshi kechgan ilk uchrashuvidayoq gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan Masharipov Instagram sahifasidagi jonli efirida o‘sha alamli penaltilar seriyasiga ham to‘xtaldi.
"Menga ijtimoiy tarmoqdan juda ko‘pchilik shu mavzuda yozdi. Qatarga qarshi kechgan penaltilar seriyasida haligacha bizni ayblashayotgan komentariyalarga ko‘chim tushib qolyapti. Ochig‘i, juda hayron qoldim. Qancha pul bersayam, qanaqasiga Vatanni sotish mumkin? Qaysi farosat bilan bu gaplarni yozyapsizlar? Farosat bo‘lganda-ku, bunaqa komentariyalar ham yozilmasdi.
Xudoga shukur, ota-onamiz bizga bunaqa tarbiya bermagan. Harom luqma bilan boqishmagan va bizni bunaqa jirkanch ishlardan qaytarishgan", - dedi Masharipov.