Bugun 17 iyun, 2025 yil, seshanba

КИР

Jahon banki O‘zbekistonga 200 mln dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratadi

Jahon banki O‘zbekistonga 200 mln dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratadi

Jahon banki O‘zbekistondagi irrigasiya va drenaj infratuzilmasini modernizasiya qilish, shuningdek, fermerlarga irrigasiya xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirish loyihasini amalga oshirish uchun 200 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratadi.

Loyiha mamlakatning beshta hududida suv yo‘qotishlarini qisqartirish va sug‘orish tizimlarining energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan. O‘zbekiston hukumati ham dasturni birgalikda moliyalashtirish uchun qo‘shimcha 23,2 mln dollar yo‘naltiradi.

«O‘zbekistonning qurg‘oqchil iqlimi irrigasiyani yalpi ichki mahsulot va aholi bandligining taxminan 25 foizini tashkil etuvchi qishloq xo‘jaligi uchun hayotiy zaruratga aylantiradi. Suvning asosiy qismi Amudaryo va Sirdaryodan olinib, keng tarmoqli kanallar orqali dalalarga yetkazib beriladi. Qishloq xo‘jaligi mamlakatdagi barcha suv resurslarining qariyb 90 foizini iste’mol qilgani sabab suvdan samarali foydalanishni ta’minlash o‘ta muhim vazifaga aylanmoqda. O‘zbekistonda muzliklar oqimining kamayishi, suv bug‘lanishining ortishi, muntazam bo‘lmagan yog‘ingarchilik va qurg‘oqchilikning tezlashishi tufayli suv resurslari tanqisligi sezilarli darajada kuchayishi kutilmoqda. Prognozlarga ko‘ra, ushbu o‘zgarishlar mavjud suv resurslari hajmini 30-40 foizga qisqartirishi va shu bilan birga irrigasiya xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojni 25 foizga oshirishi mumkin. Bu esa suv resurslariga qo‘shimcha yuklama paydo qiladi», deyiladi Jahon banki xabarida.

O‘zbekistonda irrigasiya infratuzilmasining katta qismi eskirgan, bu esa suvning sezilarli darajada yo‘qotilishiga, resurslarning hududlar o‘rtasida notekis taqsimlanishiga va fermerlarga irrigasiya xizmatlari ko‘rsatish sifatining pastligiga olib kelmoqda.

Bundan tashqari, 2,4 mln gektarga yaqin qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish (mamlakatning barcha sug‘oriladigan maydonining 56 foizi) nasoslar yordamida suv yetkazib berilishiga bog‘liq. Buning uchun 1 700 ga yaqin nasos stansiyalaridan foydalaniladi, ular har yili taxminan 7,2 milliard kVt/soat elektr energiyasi iste’mol qiladi. Bu mamlakat umumiy energiya iste’molining qariyb 16 foizini tashkil etadi.

«Yangi loyiha orqali Jahon banki O‘zbekiston suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini amalga oshirishda hukumatga ko‘maklashadi. Konsepsiya irrigasiya sohasida suv va energiya tejamkor infratuzilmani rivojlantirishni ham nazarda tutadi», – deydi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Tatyana Proskuryakova. – «Rejalashtirilgan loyiha tadbirlari qishloq xo‘jaligi unumdorligini oshirish, suvdan foydalanuvchilarning farovonligini yaxshilash, shuningdek, irrigasiya va agrosanoat sohalarida yangi ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradi»

O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi loyihani Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida amalga oshirish uchun mas’ul bo‘ladi. Ushbu hududlarda irrigasiya va drenaj infratuzilmasini modernizasiya qilish va ko‘rsatilayotgan xizmatlarni takomillashtirish orqali 2031 yilga borib suv xo‘jaligi sektori samaradorligi sezilarli darajada oshishi kutilyapti.

Rejalashtirilgan loyiha tadbirlar:

  • Amudaryo va Sirdaryo bilan bog‘langan va yuqorida qayd etilgan hududlardan o‘tgan sakkizta yirik magistral kanalning 259 kilometrini betonlash. Buning uchun suvni tejaydigan zamonaviy materiallar, jumladan, geomembranalardan foydalaniladi;
  • O‘zi oqar suv yetkazib berishni ta’minlash va iloji boricha nasoslardan foydalanish zaruratini kamaytirish uchun kanal o‘zanlarini qayta profillash va ularning sathini ko‘tarish;
  • Ko‘rsatilgan kanallar bo‘ylab suv taqsimotini nazorat qilish darajasini oshirish uchun 470 ga yaqin gidrotexnik inshootlar qurish;
  • Suv sarfini o‘lchagich o‘rnatilgan boshqariladigan suv chiqargichlarni o‘rnatish, shuningdek, suv ta’minoti jarayonlarini boshqarish uchun dispetcherlik boshqaruvi va ma’lumotlarni yig‘ish tizimini (SCADA) joriy etish.

Loyihadan kutilayotgan natijalar:

  • 232 000 gektar maydonda irrigasiya xizmati sifatini yaxshilash. Bu ushbu yerlarda qishloq xo‘jaligi unumdorligini oshirish imkonini beradi;
  • 180 000 nafar suv foydalanuvchilari, shu jumladan 80 000 nafar ayollarning sug‘orish xizmatlaridan yanada ishonchli foydalanishini ta’minlash;
  • Yillik suv yo‘qotishlarini taxminan 540 million kub metrga qisqartirish;
  • Yiliga 165 million kVt/soatdan ortiq elektr energiyasini tejash, bu esa irrigasiya sohasida energiya samaradorligini oshiradi va ekspluatasiya xarajatlarini kamaytiradi.
Kiritildi: 19:09 21.05.2025. O'qildi: 468 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!