Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatida transport infratuzilmasini modernizasiya qilishga qaratilgan 200 mln dollarlik loyihani ma’qulladi.
Bosh ofisi Vashingtonda joylashgan bankning 23 mart kungi xabarida aytilishicha, 5 yillik loyiha quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1. Surxondaryo viloyatidagi M41 mintaqaviy avtomobil yo‘lining 91 kilometr qismini rekonstruksiya qilishda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huzuridagi “Avtoyo‘linvest” agentligini qo‘llab-quvvatlash. Bu yo‘l O‘zbekistonni Tojikiston, Qirg‘iziston Respublikasi va Afg‘oniston bilan bog‘laydi. Mavjud 2 qatorli trassa 4 qatorli bo‘ladi.
Yo‘lning ushbu qismi ta’miri yakunlangach, undan kuniga 35 mingga yaqin haydovchi va yo‘lovchi foydalanadi. Avtomagistral, shuningdek, yondosh hududlarning taxminan 550 ming aholisi uchun transport xizmatlari va iqtisodiy imkoniyatlardan kengroq foydalanishni ta’minlaydi. Bunday imkoniyatlarga ta’mirlangan yo‘l bo‘ylab biznesning rivojlanishi va yangi ish o‘rinlarining yaratilishi kiradi.
Loyiha yo‘l qoplamasi sifatini yaxshilash, yo‘l harakati xavfsizligi va avtobus bekatlarining qulayligini oshirish bo‘yicha qurilish ishlarini moliyalashtiradi. Shuningdek, suv toshqini xavfidan himoya qiluvchi 180 ga yaqin ko‘prik va drenaj inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.
Ushbu chora-tadbirlar avtomobil yo‘lining rekonstruksiya qilinayotgan qismida yo‘l-transport hodisalari va o‘lim holatlari sonini kamaytirishga, yo‘lga ketadigan vaqtni qisqartirishga (aholi punktlaridan tashqarida o‘rtacha harakat tezligi 65 dan taxminan 90 km/soatgacha oshadi), yo‘lovchi va yuk tashishning ishonchliligini oshirishga yordam beradi. Shuningdek, Surxondaryo viloyatining O‘zbekistonning boshqa hududlari va qo‘shni davlatlar bilan transport aloqalari mustahkamlanadi.
2. Transport vazirligiga multimodal tashuvlarni rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqishda ko‘maklashish. Ushbu hujjat davlat organlarining transport xizmatlari va infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” bo‘ladi. Strategiya yo‘lovchi va yuk tashishni yaxshilash uchun ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilishga, shuningdek, har xil transport turlari ishini muvofiqlashtirishga yordam beradi.
Hujjat transport sektorining ta’minot zanjiridagi uzilishlar va ob-havo xatarlariga chidamliligini oshirish, shuningdek, sohada chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha iqtisodiy jihatdan samarali yechimlarni joriy etish choralarini o‘z ichiga oladi.
3. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ biznes-jarayonlarini, jumladan korporativ boshqaruvni mustahkamlash, moliyaviy shaffoflikni oshirish, yo‘lovchi tashishni rejalashtirish hamda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish. Ushbu chora-tadbirlar kompaniyaning operasion samaradorligi va faoliyati natijadorligini oshiradi, shuningdek, uni yanada rivojlantirish uchun xususiy investisiyalarni jalb qilish salohiyatini mustahkamlaydi.