Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi Qirg‘iziston Respublikasida “Suv ta’minoti va sanitariyadan umumfoydalanish” dasturining birinchi bosqichi uchun 121 million dollar ajratilishini ma’qulladi, deb xabar beradi Kazinform.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha Osiyo infratuzilma sarmoyalari bankining (OISB) 50 million dollarlik krediti, Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkilotining 20 million dollarlik krediti, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining 9 million dollarlik granti va OISBning 3,75 million dollarlik granti hisobidan birgalikda moliyalashtiriladi.
“Keyingi o‘n yillikda dastur Qirg‘izistonning bir million fuqarosi uchun toza suv va sanitariyadan foydalanish imkonini beradi, bu esa bevosita hayot sifatini yaxshilash, inson kapitalini mustahkamlash va kelajak avlodlar farovonligini oshirish imkonini beradi”, - dedi Jahon bankining Qirg‘iziston Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari Xyu Riddell.
Qirg‘izistonda “Suv ta’minoti va sanitariyadan umumfoydalanish” dasturining birinchi bosqichini moliyalashtirish Xalqaro taraqqiyot assosiasiyasi orqali imtiyozli shartlar asosida amalga oshiriladi. Qayd etilishicha, loyiha 2029 yilgacha yuqori xalqaro standartlarga, jumladan, xaridlar, moliyaviy menejment va korrupsiyaga qarshi siyosatga muvofiq amalga oshiriladi.