Yo‘ldagi o‘tuvchilarga aziyat yetkazishi mumkin bo‘lgan tikon, axlat yoki odamlarni toyiltirib yuborishi mumkin bo‘lgan boshqa narsalarni olib tashlash xayrli amaldir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Iymon-etmish yoki oltmish nechta ham shoxchadan iboratdir. Uning eng afzali “Alloh taolodan o‘zga iloh yo‘q”, deb, guvohlik berish bo‘lsa, eng past darajasi esa yo‘ldan aziyat beruvchi narsani chetlatishdir. Shuningdek, hayo ham imondandir...”, dedilar” (Muslim).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Yo‘ldan ozorni ketkazish ham sadaqadir”, dedilar” (Buxoriy).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odam bolalaridan har biri 360 bo‘g‘in ila yaratilgandir. Bas, kimki Alloh taologa takbir, hamd, tahlil, tasbeh, istig‘for aytsa va odamlar yo‘lidan tosh yoki tikon yoki suyakni olib tashlasa yoki amr-ma’ruf va nahiy munkar qilsa, (yuqorida kelgan yaxshiliklarni) 360 taga yetkazsa, bas u o‘sha kuni o‘zini do‘zaxdan uzoqlashtirgan holda yuradi”, dedilar” (Muslim).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir kishi yo‘l yuzidagi daraxt shoxchasi oldidan o‘tayotib: “Allohga qasamki! Uni musulmonlardan yiroqlashtiraman, (shunda) ularga ozor yetkazmaydi”, dedi. Bas, u jannatga kiritildi”, dedilar”( Muslim)
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir voqeani bayon qilib, dedilar: “Bir kishi yo‘lda ketayotib ,erda bir tikonli shoxchani ko‘rsa va odamlarni zarardan saqlash niyatida uni olib tashlasa, Alloh taolo uning bu amalini qabul qilib, mag‘firat qiladi”. Yana bir rivoyatda, “Shu kishining jannatda aylanib yurganini ko‘rdim”, deganlar” (Muslim).
Yuqoridagi hadislarda o‘tish joylarini toza tutib, odamlarni ozordan saqlash islomda qanchalar e’tiborli ish ekani bayon qilinmoqda. Bir tikonli shoxni yo‘ldan olib tashlash kichik amal bo‘lib ko‘ringani bilan, unga ulkan ajru savob va’dasi berilgan. Ozor beruvchi narsalarni yo‘ldan chetlatishga targ‘ib qilingan ekan, bas, axlat tashlab yo‘lni iflos qilish, yo‘lovchilarning ko‘ngillarini buzish katta gunoh hisoblanadi. Transport vositasini qatnov joyiga qo‘yib, o‘zga avtomobillar yo‘lini tirband qilish ham yo‘lovchilarga ozor yetkazish sirasiga kiradi. Shuningdek, qoidaga amal qilmagan holda mashina haydab, o‘zgalarga ozor yetkazish ham gunoh bo‘lib, mazkur qoida doirasiga kiradi.
Transportlar harakatini tartibga solish maqsadida yo‘l harakati qoidalari ishlab chiqilgan. Ularga rioya qilish, faqatgina, qonuniy talab emas, balki diniy farz hamdir. Shunday ekan, ushbu qoidalarga jamiyatda tartib-intizomni saqlash, odamlarga qulaylik yaratish va imkon qadar ularni aziyatdan saqlash niyatida amal qilinsa, in sha Alloh, bu ish uchun savobga ega bo‘linadi. Mazkur tartiblarga amal qilmaslik esa ikki barobar gunoh bo‘ladi. Birinchidan, odamlarga ozorga yetkazgani sababli bo‘lsa, ikkinchidan, belgilangan tartibga rioya qilmay, mas’ul shaxslarga bo‘ysunmagani tufaylidir.
Afsus bilan qayd etish lozimki, ko‘p insonlar, hatto ziyoli kishilar ham mazkur ishlarni gunoh hisoblamasdan, ularga befarq qaraydilar.
Alloh taolo bizlarni dinni to‘g‘ri tushunish va unga amal qilish tavfiqini bersin.
Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy
Tahririyatdan: bugungi kunda ayrim haydovchilar hatto pista po‘chog‘ini ko‘chaga emas, mashina saloniga tashlashiga guvoh bo‘lamiz. Maqsad shu kichik axlat bilan ham yo‘lni iflos qilmaslik! Ammo aksar haydovchi va yo‘lovchilar mashina oynsidan sigaret qutisini, muzqaymoq va boshqa mahsulotlar qadog‘ini ko‘chaga seskanmay otib ketaveradilar. Bu ish ham gunoh aslida...
Manba: azon. uz