Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Ixtiyoriy manqurtlik yoki to‘yga faqat aroq ichish uchun boriladimi?

Ixtiyoriy manqurtlik yoki to‘yga faqat aroq ichish uchun boriladimi?

Nuroniylarimiz tilida shukrona. Ular uyquga yotishdan avval o‘tgan kuniga shukrona aytadi. Nurafshon tonglarga yetkazgani uchun yana shukronalar bisyor. Dunyoga tinchlik, xalqimizga omonlik, farzandu nabiralarining topganlari yaxshi kunlarga, to‘ylarga buyurishini Yaratgandan o‘tinib so‘raydilar.

Zamon zamon bo‘lib xalqimizning ko‘kragiga shamol tegdi, boshida Istiqlol quyoshi porladi. Odamlarimiz to‘y-ma’rakasini o‘zi istaganday o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi...

Demak, yana to‘ylar haqida.

O‘tgan asrning 50-, 60-, hatto 70-yillarida ham to‘ylar “Topgan gul, topmagan bir bog‘ piyoz” deganlaridek “Rang ko‘r, hol so‘r” tarzida o‘tkazilar edi. Bilasiz, besh qo‘l barobar emas...

Xolisona aytganda, hozir to‘ylarimiz ancha-muncha tartibga keldi. Qator-qator mashinalar, haddan tashqari to‘kin dasturxonlar, qudalar o‘rtasidagi oliq-soliqlar deganday. Ular nisbatan ortda qoldi. Ammo...

Urf-odatlarimizga ko‘ra, xonadonda to‘ydan avval o‘tganlar xotirasi uchun xatm qilinadi. Hozir ham shunday. Ayrim to‘ylar boshlanishidan oldin to‘y raisi taklifi bilan shu xonadondan o‘tganlar xotirasi uchun bir daqiqa sukut saqlanadi!!!. “Qachondan buyon geografiyada bunday yangilik?”, bilmadim...

Kamina bu bilan o‘tganlarni xotirlashga qarshi emas, biroq, hamma gap qanday xotirlashda. Xotirlash “marosimi”gacha ham uzoq yo‘l bosib kelgan “nozik” mehmonlar allaqachon tomoqlarini “ho‘llab” olgan bo‘lishadi. Davra “tashkilotchilari” ham ulardan qolishmaydi.

Eng dahshatlisi, bir daqiqa sukutdan so‘ng hamma qadah urishtirishga tushib ketadi.

Muqaddas dinimiz, musulmonchiligimiz talablari qayerda qoldi? “Hoy, nega bunday qilayapsizlar?” deydigan odam yo‘q. Hojilarimiz to‘y davrasi boshlangach, besh-o‘n daqiqa o‘tib, ortiqcha shovqin-suronga asablari dosh bermay ketib qolishadi...

“...Uhud urushidan keyin, Qur’on hukmi bilan aroq harom qilindi. Aning haqida ushbu oyat keldi (tarjimasi):

Ya’ni, «Ey iymon keltirguvchi mo‘minlar, hukm shuldur, bundin o‘zga emasdurkim, aroq ichmak, qimor o‘ynamoq, butlarga sajda qilmoq, fol o‘qlariga ishonmoq, mana shu to‘rt narsa shaytonning chiqargan ishlaridan eng yomon ishdur. Albatta, bu ishlardan saqlaninglarkim, hamma yomonliklardan qutulg‘aysizlar. Aroq ichib, qimor o‘ynamakda shayton o‘rtalaringizda qattiq dushmanlik solgay va yana Allohni yod qilmoqdin va namoz o‘tamakdin sizlarni qoldirgay. Endi bu narsalar insonga shundoq ziyon keltirur ersalar ham nechun ulardin saqlanmagaysizlar, albatta, ulardan saqlaninglar demakdir.

Islom hukamolarining ustozlaridan Abu Ali ibn Sino aytibdurkim: “Ichkilikka o‘rgangan odamlar ko‘pincha shol yoki qaltiroq kabi qo‘rqinchlik dardga yo‘liqqaylar”. Yana Rasulolloh aytdilar:

“Al xamru jammoul ismi va ummul habois”. Ya’ni “Aroq gunohning xazinasi va barcha yomonliklarning onasi”. Agar bir kimsa o‘zi bila turib, qiz farzandini aroqxo‘rga bersa, ul kishi o‘z qizini zinoga tutib berganning gunohini topgay, dedilar. Endi bundoq bo‘lgach, har bir mo‘min-musulmon bu oyat-hadis mazmuniga amal qilib, bundog‘ ulug‘ gunohdan o‘zlarini saqlasinlar va bir necha soatlik bosh og‘rig‘ini kayf qilish xayolini xush ko‘rib, dunyo va oxiratlarini xarob qilmasinlar”. (Alixonto‘ra Sog‘uniy “Tarixi Muhammadiy”, “Sharq” NMAK bosh tahririyati, Toshkent-2004).

“Yana baloga qolgan mahalla-da!” deyishi mumkin ushbu bitiklarni o‘qiyotgan kishi. Mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, faollarining amalga oshirayotgan qanchadan-qancha ezgu ishlarini yo‘qqa chiqarish, ularni yomonotliq qilish fikridan butunlay yiroqmiz. Bu ishlarni mahalla faollari, to‘y oqsoqollari tartibga solmasa, kim bor? Avvalo, har kimning o‘ziga insof bersin!

Yaqinda bir to‘yda qatnashishga to‘g‘ri keldi. Ilgari besh vaqt namozni kanda qilmaydigan, xatmlarda duo o‘qiydigan, yoshi 80 ga borib qolgan tanish bir otaxon mo‘ylovi endi sabza urgan soqiyning uzatganlarini hech tortinmay “tortadur” qilib turibdilar. To‘g‘risi, ko‘zlarimga ishonmadim. Yosh o‘tayapti, balki, adashgandirman, degan xayolga ham bordim. Yo‘q, bu o‘sha odam. Oxiri, hech ishonmay yonimdagilardan so‘radim. “Ha, o‘sha kishi”, dedi ular...

— Nega, bunaqa?

Ular yelka qisishdi. Stoldagilardan biri “o‘tganlarning joylari jannatda bo‘lsin! Oling-oldirmang, tagida qoldirmang!”, deb yubordi. Tagida qoldirishmadi...

Otaxonning barmoqlari orasidagi bitta besh mingtalik pulni ko‘rgan raqqosa jilpanglab, uning atrofida aylana boshladi... So‘ng xuddi fokuschilarday yulib ketdi pulni. Quyilgan aroq cholning qo‘lida qoldi. Uni o‘sha raqqosaga uzatmoqchi edi-da!

Bu orada chol stul-pstuli bilan orqaga yiqilib, to‘y “ssenariy”sidan chiqib ketdi. Atrofdagi yoshu-yalanglar cholni to‘yxonadan olib chiqib qo‘yishdi:

— Xurmachaga sig‘sa ichingda, mulla bobo!

Ichkilik qurg‘ur shisha ichida jim turadi, xolos. Yo tavba!

Qadim tariximizdan yaxshi ma’lumki, gulob, sharob, may, chog‘ir... “davra aylangan”. Ko‘ngilxushlik qilishgan. Bu – olis moziy.

Yana bir gap: o‘tgan asrning 60-, 70- yillarida to‘y davrasining ayollar o‘tiradigan tomoni stoliga avvaliga Toshkent suvi, keyin mineral suvlar, vino, yillar o‘tib esa erkaklar qatori aroq qo‘yiladigan bo‘ldi. Hozir ayollar tomonidagi aroq shishalar tezroq bo‘shayotganiga nima deysiz?!

...Narigi stolda 20-25 yoshli yigitlar o‘tirishibdi. Chaqqongina soqiy yigit baytlar o‘qib, aroq qo‘yayapti. Yigit juda mutaxassis bo‘lib ketgan ekan, 12 ta qadah limmo-lim. Ulardan biri ichmasligini aytdi. U yaqinda o‘ylangan edi.

— E.. Bilasilami, bu xotinidan qo‘rqadi! — dedi gavdasi miqti, ko‘zlari burgutday o‘tkir yigit qo‘llarini shop qilib.

— Gap qo‘rqishda emas! Bilasan-ku!..

— Uylandim, demoqchimisan? “O‘ylangan ichmaydi” degan qonun bormi? Ayt!

Haligi yigit davradan chiqib ketdi, uning orqasidan kulib qolishdi.

O... ichimlik!.. Hozir qancha-qancha oilalarni xonavayron qilayapti bu dardisar. Gulday norasidalarni tirik yetimga aylantirayapti bu zahri qotil. Ayni kuch-quvvati to‘lib-toshadigan 35-40 yoshli yigitlar unga butun inon-ixtiyorini topshirishayapti, beixtiyor.

Ichgan “sherimard”ni tonggacha murosayu madoraga chaqirish, qo‘ni-qo‘shnilarni bezovta qilish... So‘loqmon esa ertalab hech narsa ko‘rmaganday ishxonasiga yo‘rg‘alaydi. Xotinini urgani, farzandlarini chirqiratgani, ota-onasiga so‘kingani, hammasi tushda qolib ketadi... Unga hech kimning gapi o‘tmaydi, o‘zicha. Hozir nima ko‘p – to‘y ko‘p. Xudoning bergan kuni kimningdir tug‘ilgan kuni...

Ichkilikbozlikka mukkasidan ketgan, o‘zining piyanistaga aylanganini tan olmaydiganlarning esa suyagi yo‘q...

Shunday paytlarda dod deb yuborsang ham kam.

— Otalar, siz mas’ulsiz!

— Onalar, bedor bo‘ling!

— Kelinlar, turmush o‘rtog‘ingizning bu boradagi xatti-harakati sizlarga bog‘liq...

Ko‘zingizni oching, odamlar!

Biz qayoqqa qarab borayapmiz???

Kamina aroq qo‘yilmagan bir necha to‘yda qatnashdim. To‘g‘ri, “Asosiy narsa yo‘q ekan-ku!” deb davradan chiqib ketganlar ham bo‘ldi.

Shunday to‘ylardan birida xalqimizga astoydil xizmat qilib kelayotgan san’atkor Qodir Jo‘raqulov “Mana, aroq qo‘yilmasa ham to‘y yaxshi o‘tar ekan-ku!” deb yuborgani hamon yodimda.

Aroq faqat to‘yda qo‘yilmaydi. Uni istagan odam, istagan paytida olib ichishi mumkin...

Farg‘ona vodiysi safaridan qaytgan tanishlarimdan biri aytib qoldi:

— Kursdoshlarimdan birinikiga to‘yga bordim. Aroqning oti ham, zoti ham yo‘q! Ana to‘y!.. Ularda shunday muhit hukmron.

Xo‘sh, aroqni to‘yimizdan, turmushimizdan qanday qilib nari surish mumkin? Bu savolga dabdurustdan javob berish qiyin.

Aroq ichish yoki ichmaslik har kimning o‘z ixtiyorida. Hech kim boshqa odamni yotqizib og‘ziga aroq quymaydi. Piyanistalik ixtiyoriy manqurtlik yo‘lidir.

Zahiriddin Muhammad Boburdek shoh va shoir ichkilikni qatag‘on qilgani, ta’qiqlagani tarixdan yaxshi ma’lum...

Yo tavba, bandasining makrlari ko‘p ekan. O‘tgan asrning 80-yillari oxirida butun sobiq ittifoq hududida “Hushyorlik” jamiyatlari tuzildi. Shu bahona qancha-qancha tokzorlar barbod etildi. Ichkilik tufayli ancha-muncha nisbatan halol rahbarlar, kadrlarga tuhmat uyushtirildi. Vaqtincha bo‘lsa ham manfur kimsalar shum “niyat”lariga yetdi. Bu — alohida mavzu, albatta. “Hushyorlik” jamiyatini tuzib, odamlarni ichkilikbozlikdan qaytarib bo‘lmasligini yaqin tarix isbotladi.

To‘y bahona turmushimizda tobora ildiz otib borayotgan bir illat haqida oz bo‘lsa-da, fikrlashib oldik. Odatda, to‘y-ma’raka qilib, ko‘pchilikning oldidan o‘tgan kishilarga “To‘ylar bilan charchamadingizmi?” deyiladi. To‘yga borib ikki-uch soat qatnashib kelganlarga esa “To‘ydan o‘z oyog‘ingiz bilan keldingizmi?” deb, undan hol-ahvol so‘rab qo‘ysak, yomon bo‘lmas.

Bir sira to‘ylarga faqat sozandayu xonandalar xizmat qiladigan bo‘lishgan edi. Bitta-ikkita jonli ijrodan keyin fonogrammaga o‘tilishi barchaga besh qo‘lday ayon. Raqqosalarning davralarga yana chiqishi, pul olish uchun qiyshanglashi yaxshilik alomati emas.

Davra raislari haqida ham o‘ylab ko‘rish kerak. Xalqimizda “O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir!” degan hikmat bor. Shunday davra raislariga ko‘zingiz tushadiki, ularning o‘zlari davra boshidanoq dovdirab qolishadi.

To‘ylarimiz azaldan milliy qadriyatlarimiz qomusi bo‘lgan.

To‘ylarimiz illatlar, odamlarni bezdiruvchi ishkallar, kulfatlar beshigiga aylanmasin. Undan ezgulik, samimiyat, shukronalik ufurib tursin...

Ixtiyoriy manqurtlikdan voz kechish o‘zimizga bog‘liq. Axir, to‘yga faqat aroq ichish uchun borilmaydi-ku!

Eng muhimi, yoshlar baxtli bo‘lishsin!

Yana bir mulohaza: to‘yga faqat mahalla raisi, faollari emas, shu atrofdagi hamma birday mas’ul. Shundagina to‘ylarimiz haqqoniy ma’naviyat, qadriyat, mehru oqibat timsoli, insoniylik darsligi darajasiga ko‘tariladi.

Odil HOTAMOV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Manba: uza.uz

Kiritildi: 06:00 20.06.2019. O'qildi: 3577 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!