Italiya janubidagi eng faol vulqonlardan biri - Etna tog‘i juma kuni kechqurundan shanba kuni ertalabgacha qalin kul buluti va lava oqimini sochdi.
Sisiliya orolida joylashgan Etna vulqoni harakati aprel oyi boshidan davom etyapti. “Anadolu” agentligi mahalliy manbalarga tayanib xabar berishicha, 2900 metr balandlikdagi cho‘qqida joylashgan janubi-sharqiy krater juma kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:00 atrofida uyg‘onib, shanba tongiga qadar tinmagan. Magma otilishi natijasida vulqon yon bag‘irlab pastga harakatlangan va uch izda lava oqimini hosil qilgan. Yaqin oradagi bir necha qishloqda gumburlagan portlash aniq eshitilgan.
Milliy Geofizika va vulqonshunoslik instituti Kataniya filiali mazkur hodisani tasdiqladi. Ommaviy axborot vositalari Etna faolligi sabab, bir kechada aviasiya tizimi uchun “to‘q sariq” ogohlantirish e’lon qilinganini yozdi.
Tog‘ yonida joylashgan Kataniya-Fontanarossa aeroportidan amalga oshirilgan parvozlarga kul yoki lava chiqindisi ta’siri sazilmagan, havo qatnovi o‘zgarishsiz davom etgan.
Evropadagi eng baland (taxminan 3300 metr) va faol Etna vulqoni aprel oyi boshidan buyon to‘rtinchi marta faollashdi.