"Italiyalik jurnalist Ezio Gavazzeni Italiya va boshqa davlatlardan kelgan boy sayyohlar foydalangan “snayper turizm”ga doir dalillarni polisiyaga taqdim qildi. Unda aytilishicha, 1992-1996 yillarda yuzlab boy sayyohlar serb askarlariga katta miqdorda pul berib, Bosniya va Gersegovina poytaxti Sarayevo qamal qilingan paytda tinch aholiga nisbatan “snayperlik ovi” o‘tkazgan. Milan prokuraturasi ushbu da’volarni tekshirish uchun tergov boshladi", deya yozmoqda nashr.
1990-yillarda Yugoslaviya parchalangach, Bosniya va Gersegovina poytaxti Sarayevo shahri serb kuchlari tomonidan o‘rab olinib, 1992-1996 yillar davomida qamal qilingvn. Ma’lumotlarga ko‘ra, doimiy otishmalar ostidagi qamal davrida 10 mingdan ortiq inson halok bo‘lgan.
Gavazzeni La Reppublica gazetasiga bergan intervyusida bu amaliyotda ko‘plar ishtirok etganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, italiyalik boylar bu qotilliklarni qilish uchun bugungi hisobda 100 ming yevrogacha to‘lashgan. Erkaklar, ayollar yoki bolalarni o‘ldirish uchun turlicha tariflar belgilangan.
"Judayam ko‘p italiyaliklar bu ishda gumonlanmoqda. Shuningdek, nemislar, fransuzlar, inglizlar… g‘arbning barcha mamlakatlaridan odamlar tinch aholiga o‘q uzish uchun u yerga olib borilish evaziga katta pul to‘lashgan. Hech qanday siyosiy yoki diniy motivlar bo‘lmagan. Ular – zavq va shaxsiy qoniqish uchun borgan boy odamlar edi. Gap qurolni yaxshi ko‘radigan, balki otish maydonlariga yoki Afrikaga safar qiladigan odamlar haqida ketmoqda", — dedi jurnalist.