Oliy martabali mehmon O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetiga tashrif buyurdi.
Ushbu oliy ta’lim muassasasi Italiyaning Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilganiga o‘n to‘rt yil bo‘lmoqda. Muassasada o‘tgan davrda avtomabilsozlik, energetika sanoati, arxitektura kabi sohalarga ko‘plab malakali kadrlar tayyorlandi. Bir so‘z bilan aytganda natijalar yuqori.
Ta’lim tizimidagi bunday yutuq qayd etilishining asosiy omillardan biri O‘zbekiston va Italiya o‘quv dasturlari orasidagi tafovutlar uyg‘unlashtirilganidir. Shuningdek, ta’lim jarayoniga zamonaviy metodlar tatbiq etilganida deyish mumkin.
Oliy martabali mehmonga so‘nggi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan natijalar haqida ma’lumot berildi.
Ayni paytda bu yerda 2 ming nafardan ortiq yoshlar ta’lim olmoqda. Bitiruvchilar bir paytning o‘zida ikkita – Italiyaning Turin politexnika universiteti va Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti diplomiga ega bo‘ladi.
Shu o‘rinda Italiyaning Turin politexnika universiteti haqida qisqacha ma’lumot keltirib o‘tamiz. Ushbu ta’lim muassasasi 1859 yil tashkil etilgan. U Yevropaning eng ilg‘or texnika universitetlaridan biri sanaladi. Ta’lim jarayoni ilmiy va amaliy tadqiqot bilan faol ravishda birga olib borilishi bilan ajralib turadi. U o‘n sakkiz fakultet va ko‘plab yirik avtomobil hamda boshqa korxonalar uchun asosiy ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lgan laboratoriyalarni o‘z ichiga oladi.
Poytaxtimizdagi Turin politexnika universiteti mana shunday tarixiy rivojlanish bosqichlariga ega muassasa bilan doimiy hamkorlik qiladi.
O‘zbekistonda xalqaro e’tirofdagi, zamonaviy talablarga mos keluvchi ta’lim dargohining ochilgani ko‘plab yoshlarimizning tegishli sohalarda o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyatga ega.
Bugungi kunda mazkur universitetni rivojlantirish bo‘yicha tegishli strategiya ishlab chiqilgan. U bo‘yicha kelgusida yangi ta’lim yo‘nalishlarini ochish, talabalar qabulini ko‘paytirish rejalashtirilgan. Avtomobilsozlik, qurilish va energetika sanoatida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida jahonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shimcha fakultetlar tashkil etiladi.
Ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish har qachongidan ham muhimligi haqida fikrlar bildirildi.