Bugun 25 noyabr, 2024 yil, dushanba

КИР

Istirohat bog‘lari, sayilgoh va xiyobonlarni xususiylashtirish taqiqlashini mumkin

Istirohat bog‘lari, sayilgoh va xiyobonlarni xususiylashtirish taqiqlashini mumkin

Bu borada tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritildi.

Ta’kidlanishicha, aholining madaniy hordiq va dam olish maskanlari muhofazasi kuchaytirilishiga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan ishlab chiqildi va Qonunchilik palatasiga kiritildi.

Ayni paytda mazkur qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalarida qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Deputatlarning o‘rganishlaridan ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi yillarda davlat mulki hisoblangan umumiy foydalanishdagi bog‘lar, sayilgoh, xiyobon va daraxtzorlar hududida bino-inshootlarni qurish amaliyoti kengayib borayotgani ko‘p yillik daraxtlarning kesilishiga, atrof muhit ifloslanishiga, oqibatda aholining haqli noroziligiga sabab bo‘layotgan edi, deya xabar beradi quyi palata matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, istirohat bog‘lari yerlarini mahalliy hokimiyat zaxirasiga olish va keyinchalik begonalashtirish amaliyoti kengayib borayotgani oqibatida esa yangidan qayta-qayta kadastr hujjatini tuzish orqali bog‘lar hududi qisqarib ketmoqda.

Qolaversa, bugungi kunda madaniy hordiq maskanlari va ular hududlarining huquqiy himoyasi yetarli darajada mustahkamlanmagan. Hordiq maskanlari va ular joylashgan yerlarni xususiylashtirish, bunday ob’ektlar hududida bino-inshoot qurilishini ta’qiqlovchi qat’iy normalar mavjud emas edi.

Shu nuqtai nazardan, qonun loyihasida madaniy hordiq maskanlarini, ularning yerlarini hamda ushbu yerlardagi bino-inshootni begonalashtirishni, madaniy hordiq maskanlari hududini qisqartirish, ularda bino-inshoot qurish (engil turdagi ob’ektlar bundan mustasno) yoki mavjud bino-inshootni qurilish osti maydonini kengaytirishni ta’qiqlash nazarda tutilmoqda.

Bu turdagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan “botanika bog‘lari” muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kiritilyapti. “Botanika bog‘lari” va ularning yerlarini ham begonalashtirish, ularning hududida bino-inshootlar qurish yoki qurilish osti maydonlarini kengaytirish ta’qiqlanmoqda.

Tashabbuskor deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasi madaniy hordiq maskanlari va boshqa yashil zonalarni muhofaza qilishning mustahkam huquqiy asosini yaratish barobarida madaniy hordiq maskanlari va ularning hududlarini saqlab qolish, ekologiya va atrof muhitni yaxshilanishiga hamda mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Kiritildi: Bugun 15:03. O'qildi: 239 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!