— Men yashayotgan uyim hovlisida issiqxona qurmoqchiman. Davlat tomonidani issiqxona qurish uchun subsidiya kredit ajratilayotganligini eshitdim. Issiqxona qurish uchun subsidiya kredit olish tartibi haqida tushuntirish bering?
— O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019 yil 10 maydagi 19-2019-B-son buyrug‘iga asosan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 21-bandida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 maydagi PQ-4716-son «Tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq subsidiyalar, Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi, yetkazib beruvchi tashkilotlar va tomorqa yer egalari o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama shartnomalar asosida yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha ajratilishi belgilangan.
Bunda, Nizomning 36-bandiga ko‘ra, ishsiz, kam ta’minlangan va kambag‘al oilalar a’zosi bo‘lgan tomorqa yer egasi yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish va (yoki) urug‘liklar, ko‘chatlar yoxud sug‘orish vositalari xarid qilish uchun subsidiya ajratishni so‘rab tegishli hududdagi Aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga murojaat qilishingiz mumkin.
A. G‘ULOMJONOV,
Izboskan tuman adliya bo‘limi bosh maslahatchisi