Iqlim o‘zgarishi tufayli 2024–2025 yillarda dunyo bo‘ylab taxminan 4 milliard kishi qo‘shimcha ravishda 30 kunlik anomal issiqlikka duch keldi. Bu o‘zgarish insoniyat hayoti va sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf solmoqda.
Amerikaning Climate Central nodavlat tashkiloti 195 mamlakatdagi ob-havo ma’lumotlarini tahlil qilib, 2024 yil 1 maydan 2025 yil 1 maygacha yer yuzi aholisining yarmi — taxminan 4 milliard kishini qamrab olgan anomal issiq kunlar sonini aniqladi. Tashkilot hisobotida jami 67 ta issiqlik to‘lqini qayd etilgan bo‘lib, ularning barchasi global iqlim o‘zgarishlari bilan bevosita bog‘liq ekani ta’kidlangan.
Anomal issiq kunlar — bu 1991–2020 yillardagi o‘rtacha haroratdan 90 foiz yuqori bo‘lgan kunlar sifatida belgilangan. Eng kuchli issiqlik to‘lqinlari Janubiy Amerika, Osiyo, Afrika va Okeaniyada kuzatilgan.
Aruba oroli eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardan biri bo‘ldi — u yerda anomal issiqlik 187 kun davom etgan. Orolda 119 ming kishi istiqomat qiladi.
Eng og‘ir issiqlik to‘lqinlaridan biri 2024 yil may oyida Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyoda kuzatildi. Tailand va Filippinda havo harorati 50°C darajadan oshdi. Bangladeshda issiqlik sababli odamlar halok bo‘ldi, maktablar yopildi va issiq urishlari ommalashdi. Olimlar bunday havo sharoiti iqlim o‘zgarishi tufayli 69 baravar ehtimolliroq bo‘lganini aniqlashdi.
London Imperiya kolledji olimasi Friderike Otto ta’kidlashicha, «iqlim o‘zgarishi bugungi kundayoq mavjud va u odamlarni o‘ldirmoqda. Har bir yoqilgan neft barreli, har bir chiqarilgan uglekislota tonnasi inson hayotiga xavf solmoqda».
Evropaning Copernicus xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil tarixdagi eng issiq yil bo‘lgan. O‘rtacha global harorat ilk bor industrial davrgacha bo‘lgan darajadan 1,5°C yuqoriga ko‘tarildi. Shu bilan birga, okeanlar sirti harorati ham rekord darajada — 20,87°C bo‘lgan.