Isroilning sobiq bosh harbiy prokurori jurnalistlarga falastinlik maxbus qiynoqqa solinayotgani aks etgan videoni topshirgani uchun hibsga olindi, deb xabar bermoqda “Meduza”.
General-mayor Ifat Tomer-Erushalmi 2024 yil yozida harbiy bazada isroillik harbiylar tomonidan falastinlik mahbusning qiynoqqa solinishi tasvirlangan, deb taxmin qilinayotgan videoni jurnalistlarga berganini tan oldi, deya xabar bermoqda nashr.
"Men buni harbiy huquqni muhofaza qilish organlariga nisbatan yolg‘on propagandaga qarshi turish va armiya o‘z jinoyatlarini e’tiborsiz qoldira olmasligini ko‘rsatish uchun qilganman. Eng yomon mahbuslarga nisbatan ham qabul qilib bo‘lmaydigan harakatlar mavjudligini anglash zarur", — deya bunga izoh berdi Tomer-Erushalmi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bu ma’lumot sizib chiqishini "Isroil Davlatining obro‘siga ulkan zarar yetkazish" deb baholadi.
Mazkur holat bo‘yicha Isroil mudofaa armiyasining (SAXAL) besh nafar askariga ayblov qo‘yilgan. Mamlakat mudofaa vaziri Israel Kas bu holatni “harbiylarga qarshi qonli tuhmat” deb atagan.