Minglab isroilliklar Portugaliya fuqaroligini olish uchun Isroildagi Portugaliya elchixonasi oldida navbatda turishdi, deb xabar beradi Anadolu.
Times of Israel saytiga ko‘ra, onlayn uchrashuvga yozilishda duch keladigan to‘siqlar tufayli elchixona "Eski vaqtga qaytish" deb nomlangan shaxsiy qabul kunini tashkil qildi. Bu ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.
Elchixona kirish qismidan yer osti avtoturargohigacha cho‘zilgan navbat Portugaliya fuqaroligini olishni yoki Portugaliya pasportlarini uzaytirishni istagan isroilliklar bilan to‘lgan.
2015 yilda Portugaliya XVI asr inkvizisiyasi davrida azob chekkan sefard yahudiylarining avlodlariga fuqarolik uchun ariza berishga ruxsat beruvchi qonunni qabul qildi. Biroq, 2023 yilda arizalarning ko‘pligi sababli Portugaliya hukumati qonunga qat’iy shartlarni kiritdi.
Isroilliklar Yevropa Ittifoqi ichida erkin harakatlanish, Yevropa universitetlariga oson kirish va ta’lim xarajatlarini kamaytirish uchun Portugaliya fuqaroligini olishni istaydilar.
2023 yil oktyabr oyida Isroil G‘azo sektoriga keng ko‘lamli hujum boshlaganidan beri, ikkinchi pasport olishni istagan isroilliklar soni sezilarli darajada oshdi. O‘n minglab isroilliklar mamlakatni tark etishdi va Portugaliya fuqaroligiga qiziqish sezilarli darajada oshdi.