Bugun 18 sentyabr, 2025 yil, payshanba

КИР

Isroilda falastinlik bola haqidagi film mukofot oldi

Isroilda falastinlik bola haqidagi film mukofot oldi

Isroil Madaniyat vaziri endi kino sohasiga davlat mablag‘i ajratilmasligini aytmoqda.

Isroilda falastinlik bola hayotidan hikoya qiluvchi “Dengiz” filmi yilning eng yaxshi kartinasi deb topildi va mamlakatning “Ofir” mukofoti g‘olibi bo‘ldi. Film 2026 yilgi “Oskar”ning “Eng yaxshi xalqaro film” nominasiyasiga Isroil tomonidan tavsiya etilishi rejalashtirilgan. Biroq madaniyat vaziri Miki Zohar bu qarorni qattiq tanqid qilib, kino sohasiga davlat mablag‘i ajratilmasligini aytdi.

Asarda G‘arbiy sohilda yashovchi 12 yoshli falastinlik bolakayning dengizni ko‘rish orzusi tasvirlangan. U Tel-Avivga borishga urinadi, ammo nazorat-o‘tkazish punktida to‘xtatiladi. Shuningdan qat’iy nazar, u yashirincha Isroilga kiradi va shu yerdagi muhojir otasini izlaydi. Film bosh rolini ijro etgan 13 yoshli Muhammad G‘azzoviy “Eng yaxshi aktyor” mukofotiga sazovor bo‘lib, bu mukofotni olgan eng yosh aktyorga aylandi.

Madaniyat vaziri Zoharning fikricha, filmning mukofotlanishi “Isroil askarlariga nisbatan haqorat” bo‘lib, bunday marosimlarga mablag‘ ajratilmasligi kerak. Isroil Kino va televideniye akademiyasi raisi Asaf Amir esa: “G‘azo urushi og‘ir oqibatlarga olib kelayotgan bir paytda qarama-qarshi tomonning og‘riqlarini ko‘rish — umid beradi”, deya javob qaytardi.

Shu kunlarda minglab Gollivud kinoijodkorlari Isroil kinotashkilotlarini boykot qilayotganini e’lon qildi. Ular mamlakatni “genosidda ishtirok etishda” ayblamoqda. BMT tergov komissiyasi ham yaqinda Isroilni G‘azoda genosid sodir etganlikda aybladi, biroq Isroil Tashqi ishlar vazirligi bu xulosani rad etib, uni “asossiz va soxtalashtirilgan” deb baholadi.

Kiritildi: Bugun 15:47. O'qildi: 444 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!