Bugun 23 avgust, 2026 yil, yakshanba

КИР

Isroil va Turkiya Suriyada to‘qnashuvning oldini olish uchun maxfiy aloqa kanallarini saqlamoqda

Isroil va Turkiya Suriyada to‘qnashuvning oldini olish uchun maxfiy aloqa kanallarini saqlamoqda

Isroil va Turkiya Suriya hududida ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuv yuz berishining oldini olish maqsadida yopiq aloqa kanallarini saqlab turibdi. Bu haqda yakshanba kuni Isroilning KAN telekanali xavfsizlik tizimidagi manbasiga tayanib xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, ushbu kanallar orqali tomonlar bir-biriga ogohlantirishlar va tasodifiy to‘qnashuvlarning oldini olishga qaratilgan boshqa xabarlarni yetkazib turadi.

"Agar diplomatik signallar natija bermasa, Isroil harakat qilishga majbur bo‘ladi", — degan manba.

KAN ma’lumotiga ko‘ra, Isroil Turkiyaning Suriyadagi harbiy ishtirokini kengaytirishi bo‘yicha o‘z "qizil chiziqlari"ni belgilab olgan. Tel-Avivni, ayniqsa, Turkiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlari, radarlar, uchuvchisiz uchish apparatlari va raketalarni Suriya hududiga joylashtirish ehtimoli tashvishga solmoqda. Isroil tomoni bunday qurol-yarog‘ va tizimlar mamlakat Harbiy-havo kuchlarining Suriya osmonida erkin harakatlanish imkoniyatini cheklashi mumkinligidan xavotirda.

Ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyat 18 avgust kuni Isroil Suriyaning shimoli-g‘arbida, Turkiya chegarasidan taxminan 70 kilometr uzoqlikda joylashgan Abu ad-Duhur harbiy aerodromiga zarba berganidan keyin yanada ochiq tus oldi.

Suriya OAV ma’lumotiga ko‘ra, aerodromning uchish-qo‘nish yo‘laklari va boshqa ob’ektlariga sakkiz marta zarba berilgan. KAN esa Isroil hujumdan oldin AQShni Turkiya ushbu aerodromga radar, keyinchalik esa turkiyalik harbiylar xizmat ko‘rsatadigan havo mudofaa tizimlarini joylashtirishga tayyorlanayotgani haqida ogohlantirganini xabar qildi.

Turkiya bu ma’lumotlarni rad etdi. Anqara Mudofaa vazirligi Isroil hujumidan oldin ham, hujum vaqtida ham aerodromda Turkiya harbiy delegasiyasi bo‘lmaganini ma’lum qildi.

Suriya tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shibaniy esa turkiyalik ofiserlar avvalroq Abu ad-Duhurga tashrif buyurganini tasdiqladi. Uning aytishicha, tashrif harbiy tayyorgarlik va tajriba almashish sohasidagi hamkorlik bilan bog‘liq bo‘lgan, aerodromga Turkiya qo‘shinlarini joylashtirish rejalashtirilmagan.

Isroil zarbasi Vashingtonning keskin munosabatiga sabab bo‘ldi. AQSh prezidenti Donald Trampning Suriya bo‘yicha maxsus vakili va AQShning Turkiyadagi elchisi Tom Barrak hujumni "keraksiz keskinlashuv" deb atab, u Isroil va Turkiya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Shundan so‘ng AQSh Isroil, Turkiya va Suriya o‘rtasida harbiy to‘qnashuvlarning oldini olish mexanizmini ishlab chiqish bo‘yicha sa’y-harakatlarini faollashtirdi.

Kiritildi: Bugun 12:19. O'qildi: 191 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!