Eron prezidenti Ma’sud Pezeshkian Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim va Ummon sultoni Haysam bin Tariq bin Taymur as-Said bilan alohida telefon orqali muloqot qildi, deya xabar beradi Anadolu agentligi.
“Agar sionistik rejim sulh bitimini buzmasa, Eron ham uni buzmaydi. Biz muzokaralar stolida Eron xalqining qonuniy huquqlarini himoya qilishga tayyormiz”, – dedi Pezeshkian.
Eron rasmiy axborot agentligi IRNA xabariga ko‘ra, Bosh vazir Anvar Ibrohim Isroilning yadroviy qurollarni tarqatmaslik rejimiga nisbatan pozisiyasini tanqid qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning to‘liq yadroviy salohiyatga ega bo‘lgan holda boshqa mamlakatlarni huquqlaridan mahrum etishga urinishlari mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi.
Prezident Pezeshkian Sulton Haysam bin Tariq bilan suhbat chog‘ida tinch mintaqa yaratish mumkinligini aytdi.
“Birgalikda harakat qilish orqali biz urush va mojarolardan xoli, tinchlik va barqarorlik hukm suradigan, taraqqiyotga erishiladigan mintaqani yaratishimiz mumkin”, – dedi u.
Prezident shuningdek, AQShning Isroilning harbiy agressiyasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashuvi Eronni javob choralarini ko‘rishga majbur qilganini ta’kidladi.
Ummon sultoni Haysam bin Tariq Eronning Qatarga hujum qilish niyati yo‘qligini bilishini aytdi.
“Ummon va mintaqadagi boshqa qardosh davlatlar Eron xalqi huquqlarini himoya qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlaringizni qo‘llab-quvvatlaydi”, – dedi Haysam bin Tariq.