Italiya axborot agentligi (ANSA) xabar berishicha, "Inter"ning eronlik hujumchisi Mehdi Taremi Isroilning Eronga boshlagan harbiy operasiyasidan so‘ng jamoasining Kaliforniyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga qo‘shilish uchun AQShga bora olmagan.
Italiya klubi turnirdagi ishtirokini seshanba kuni kechqurun Meksikaning "Monterrey" jamoasiga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. "Inter" "E" guruhida Argentinaning "River Pleyt" va Yaponiyaning "Urava Red Daymonds" jamoalari bilan kuch sinashadi.
ANSA ma’lum qilishicha, 32 yoshli Taremining parvozi mamlakat havo hududi yopilgani sababli xavfsizlik nuqtai nazaridan bekor qilingan.
Xabarda aytilishicha, "Inter" futbolchi bilan doimiy aloqada bo‘lib, unga turnir boshlanishidan oldin jamoadoshlari safiga qo‘shilish imkonini beradigan yechim topishga harakat qilmoqda. Biroq xavfsizlik sabablari tufayli vaziyat murakkabligicha qolmoqda.
Taremi Eron terma jamoasi bilan 2026 yilgi Jahon chempionati Osiyo mintaqasi saralash bosqichida ishtirok etgan edi. Eron "A" guruhida birinchi o‘rinni egallab, mundialga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.