Isroil G‘azodagi falastinliklarni Janubiy Sudanga ko‘chirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. CNN xabariga ko‘ra, bu reja Isroilning HAMASga qarshi 22 oylik urushi oqibatida vayronaga aylangan hududdan ommaviy emigrasiyaga ko‘maklashish bo‘yicha keng ko‘lamli sa’y-harakatlarining bir qismi sifatida ko‘rilmoqda.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh prezidenti Donald Tramp ilgari surgan G‘azo aholisining katta qismini ko‘chirish g‘oyasini amalga oshirish istagini bildirdi va buni “ixtiyoriy migrasiya” deb atadi. Shuningdek, Isroil Afrikaning boshqa davlatlariga ham falastinliklarni ko‘chirish bo‘yicha o‘xshash takliflarni ilgari surgani ma’lum qilindi.
“Menimcha, to‘g‘ri qaror, hatto urush qonunlariga ko‘ra ham, men bilganimdek, aholining ketishiga ruxsat berish va keyin u yerda qolgan dushmanga bor kuch bilan hujum qilish imkonini beradi”, — dedi Netanyahu Isroilning i24 telekanaliga bergan intervyusida.
Biroq, falastinliklar, inson huquqlari tashkilotlari va xalqaro hamjamiyatning aksariyat qismi bu tashabbusni xalqaro huquqni buzgan holda majburiy ko‘chirish rejasi sifatida keskin rad etmoqda.
Janubiy Sudan Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida Isroil bilan falastinliklarni ko‘chirish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqidagi xabarlarni asossiz deb atadi.
AQSh Davlat departamenti vakili esa shaxsiy diplomatik suhbatlarga izoh berishdan bosh tortdi.