Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi turli hududlarga, jumladan, yashash uylari va qochqinlar joylashgan chatirlarga havo va quruqlikdan zarbalar berdi. Falastin tibbiy manbalarga ko‘ra, hujumlar natijasida kamida 16 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab insonlar yaralandi. Halok bo‘lganlar orasida ayollar va bolalar ham bor.
Kun chiqishi bilan Xan-Yunus shahridagi tinch aholiga tegishli uy va chatirlarga havo zarbalari berildi. Uyni nishonga olgan hujumda kamida 5 kishi halok bo‘ldi, 10 kishi jarohatlandi. Qutqaruvchilarning ma’lum qilishicha, vayronalar ostida hali ham odamlar bo‘lishi mumkin.
Xan-Yunusning g‘arbiy qismida Isroilga tegishli dron qochqinlar lageriga zarba berdi. Bu yerda bir ayol va bola halok bo‘lgan, yana kamida 9 kishi yaralangan.
Sektorning janubidagi El-Mavasi hududida ham Isroil armiyasi qochqinlar joylashgan chatirlarga zarbalar bergan. Hujum natijasida 5 kishi halok bo‘lgani, 15 nafardan ortiq kishi jarohatlangani xabar qilinmoqda.
G‘azoning shimolidagi Jabaliya hududida esa Isroil harbiy-havo kuchlari tinch aholi yashaydigan uyni bombardimon qildi. Bu yerda 4 kishi halok bo‘lgan, bir necha kishi og‘ir jarohat olgan.
Isroil harbiylari G‘azo sektoridagi turli manzillarga havo va quruqlikdan zarbalarni davom ettirmoqda. Hujumlar asosan tinch aholi yashaydigan uylar va qochqinlar joylashgan hududlarga qaratilgan.