Isroil Eronga zarba berishga faol tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ammo turli ssenariylar ko‘rib chiqilayotgan bir paytda Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazi davlatlari "urushdan uzoqlashmoqda."
Bu haqda Isroilning 12-kanaliga Saudiya Arabistoni qirollik oilasidagi manba ma’lum qildi.
"Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazi davlatlari bu urushdan uzoqlashmoqda va ularning yagona tashvishi o‘z hududlarini himoya qilishdir. Biz Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiga Fors ko‘rfazi davlatlari o‘z samoviy hududidan Eronga zarar yetkazish uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qildik, xuddi shuningdek, biz Eronga samoviy hududimiz orqali Isroilga o‘z raketalarini uchirishga ruxsat bermaymiz," - deya tushuntirdi u.
Eslatib o‘tamiz, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi Yaqin Sharq bo‘ylab safari chog‘ida Ar-Riyodda Eronning Saudiya Arabistoni, Misr va Iordaniya bilan aloqalarini mustahkamlash masalalarini muhokama qilgan, shuningdek, G‘azo va Livandagi mojarolarni to‘xtatish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarga chaqirgan edi.
Ayni paytda Eronda ham Isroilning zarbasini qaytarishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga yaqin bo‘lgan Tasnim axborot agentligining xabar berishicha, Tehron "Isroilning kutilayotgan harakatlariga kamida o‘nta ehtimoliy javob" tayyorlagan. "Eronning javobi yanada shafqatsiz bo‘lishi va turli maqsadlarni o‘z ichiga olishi mumkin. Sionistlarga yordam beradigan har qanday davlat Eronning "qizil chizig‘ini" kesib o‘tadi va zarar ko‘radi," - dedi Eron harbiylari.