Isroil hukumati Buyuk Britaniyaga Sharqiy Quddusdagi konsulligini 30 kun ichida yopish talabini qo‘ydi. Bu qaror Britaniya, Fransiya va Kanada tomonidan bosib olingan G‘arbiy Sohildagi Isroil aholi punktlariga qarshi e’lon qilingan sanksiyalarga javob sifatida qabul qilingan.
Isroil rasmiylarining ma’lum qilishicha, Britaniyaga Quddus, G‘arbiy Sohil va G‘azo bo‘yicha Falastin masalalarida Britaniya manfaatlarini himoya qiluvchi konsullik faoliyatini to‘xtatish uchun 30 kun muhlat berilgan.
Isroil, shuningdek, 12 nafar britaniyalik siyosatchining mamlakatga kirishini taqiqladi. G‘arbiy Sohilda faoliyat yuritayotgan Britaniya rasmiylari va diplomatlariga, shuningdek, Isroildagi G‘azo bo‘yicha muvofiqlashtirish markaziga faoliyatini to‘xtatish va hududni tark etish talabi qo‘yildi. Isroil Britaniya endi G‘arbiy Sohildagi Falastin xavfsizlik kuchlarini o‘qita olmasligini ham ma’lum qildi.
Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Britaniya hukumatining harakatlarini keskin tanqid qildi. U avvalroq Londonning qarorlarini «axloqan buzuq» deb atagan va Britaniyani Isroilning ichki ishlari hamda saylov jarayoniga aralashishda ayblagan edi.
Britaniya tashqi ishlar vaziri Ed Milibend esa konsullikni yopish talabi kutilmagan qaror emasligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Britaniya hukumati sanksiyalar joriy etishning ehtimoliy zarar va foydasini baholagan hamda Isroilning reaksiyasidan qo‘rqib, vaziyatga aralashmasdan chetda turish mumkin emas, degan xulosaga kelgan.
Britaniya hukumati G‘arbiy Sohildagi Isroil aholi punktlaridan tovarlar importini taqiqlashdan tashqari, aholi punktlariga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar va shaxslarga qarshi qurilish, infratuzilma, moliyalashtirish va ko‘chmas mulk sohalarida ham choralar ko‘rishini ma’lum qilgan.
Fransiya va Kanada ham Isroil aholi punktlaridan mahsulotlar importini taqiqlash niyatini bildirgan. Yana to‘qqiz davlat Britaniyaning sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlagan.
AQSh esa hozircha Britaniya choralariga nisbatan ehtiyotkor munosabat bildirmoqda. AQSh davlat kotibi Marko Rubio Vashington G‘arbiy Sohilda «beqarorlashtiruvchi hech qanday harakat»ni ko‘rishni istamasligini aytdi, ammo Britaniya sanksiyalariga bevosita baho berishdan bosh tortdi.
Sanksiyalar asosan ramziy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Chunki Isroil aholi punktlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar mamlakat eksportining nisbatan kichik qismini tashkil etadi. Biroq bu choralar Isroilning xalqaro maydonda diplomatik jihatdan tobora yakkalanib borayotganini ko‘rsatuvchi muhim signal sifatida baholanmoqda.
Isroil G‘azodagi urush va G‘arbiy Sohilda aholi punktlarini kengaytirish siyosati sabab xalqaro tanqidlarga duch kelmoqda. G‘arbiy Sohilda falastinliklarga nisbatan ko‘chmanchilar zo‘ravonligining kuchayishi ham xalqaro hamjamiyatning xavotirini oshirgan.
Britaniya, Fransiya va Kanada 2025 yilda Falastin davlatini rasman tan olgan davlatlar qatoriga kirgan. Ular avval ham Isroil aholi punktlari va falastinliklarga qarshi zo‘ravonlikda ayblangan ayrim isroillik vazirlar hamda shaxslarga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan edi.