Bu haqda Der Spiegel nashri xabar bermoqda.
Jurnalning yozishicha, mamlakat mudofaa vaziri Israel Kas G‘azo sektorining janubida joylashgan Rafah shahri xarobalari o‘rnida atigi 60 kun ichida “gumanitar shahar” deb ataluvchi majmuani qurishni buyurgan. Uning fikricha, bu rejaga orqali ikki yildan beri gumanitar falokatda yashayotgan falastinliklar ustidan HAMAS harakatining nazoratini zaiflashtirish mumkin bo‘ladi.
Mazkur rejaga ko‘ra, lagerga Isroil armiyasi emas, balki “xalqaro hamkorlar” rahbarlik qiladi, biroq rejada ularning kimligi ochiqlanmagan. Bunda Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) lager atrofida “xavfsizlikni ta’minlab turadi”.
Ushbu hududga olib kelinadigan odamlar HAMAS a’zolarining kirib kelishini oldini olish uchun maxsus tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Kasning ta’kidlashicha, lagerga kirishga ruxsat etilganlar undan tashqariga chiqa olmaydi.
Isroillik inson huquqlari bo‘yicha huquqshunos Maykl Sfard The Guardian gazetasiga bergan izohida bu reja “insoniyatga qarshi jinoyat” ekanini ta’kidladi.
Hozirda G‘azo sektorida ikki milliondan ortiq odam yashaydi. Ularning aksariyati 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga uyushtirilgan terrorchilik hujumidan so‘ng HAMASga qarshi boshlangan urush oqibatida o‘z uyi va turar joylaridan ayrilgan.