Ispaniya polisiyasi jinoiy tashkilot, pul yuvish va axborot tizimlarini buzib kirish bo‘yicha olib borilayotgan tergov doirasida bir necha shaxsni hibsga oldi, deb yozmoqda El Independiente. Qo‘lga olinganlar orasida sobiq davlat kotibi Fransisko Martines, xaker Xose Luis Uertas, «Valyrio» nomi bilan tanilgan bloger Alvaro Martin hamda ismi oshkor etilmagan to‘rtinchi gumonlanuvchi bor.
Xose Luis Uertas 2023 yilda tanilgan edi. U Ispaniya sud hokimiyati Bosh kengashi tizimini buzib kirib, 500 ming kishining ma’lumotlarini o‘g‘irlagan va ularni darknetda sotib yuborgan. O‘shanda polisiya o‘z hisobotida 19 yoshli hakerni «milliy xavfsizlikka tahdid» deb atagandi. Sodir etgan jinoyati uchun u bir necha hafta hibsda o‘tirgan: qo‘lga olinganidan keyin tergov bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan va qariyb 1 million yevro saqlangan kriptovalyuta hamyoniga kirish imkoniyatini taqdim etgan.
Xaker voyaga yetguniga qadar ham noqonuniy ishlarni amalga oshirgan — u shahar va davlat internet tizimlarini buzib kirgan. Bir safar unga Fransisko Martines advokatlik qilgan va navbatdagi sud jarayoni vaqtida Uertas uchun ikkita kompaniya ochib bergan. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, Martinesga nisbatan hozirgi tergov faqat ushbu kompaniyalarning ochilishiga taalluqli — haker ularning boshqaruvida ishtirok etmagani aytilmoqda.