Ispaniyaning Kadis provinsiyasidagi Tarifa shahrida o‘rmon yong‘inlari sababli 1500dan ortiq odam evakuasiya qilindi.
Bu haqda Mundo nashri xabar bermoqda.
"Atrofdagi mehmonxonalar, kempinglar va turar-joy binolaridan 1550 kishi evakuasiya qilindi. Eng boshidanoq avgust oyida mehmonxonalarni to‘ldiradigan dam oluvchilarni evakuasiya qilish zarur edi", deb yozadi nashr.
Unga ko‘ra, Torre La Peña lagerida boshlangani taxmin qilinayotgan yong‘in sayyohlik hududiga o‘tgan. Chorshanbaga o‘tar kechasi Andalusiya o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish xizmatining 100 dan ortiq mutaxassislari yong‘in N-340 avtomagistrali va mehmonxona majmualariga yetib borishining oldini olish uchun ishladi. Ertalab yong‘inni o‘chirishga oltita samolyot jalb qilingan.
Rasmiylar odamlarni ushbu hududlardagi plyajlarga bormaslikka chaqirdi va xavfli zonadagi mehmonxonalar, lagerlar va muassasalarga kirishni taqiqladi. Qisqa vaqt ichida 5 mingdan ortiq avtomobil hududdan olib chiqildi, evakuasiya qilingan odamlarning bir qismi esa ikkita vaqtinchalik joylashtirish punktiga yuborildi.
Tarifa meri Xose Antonio Santosning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in so‘nggi yillardagi eng jiddiy yong‘in bo‘lib, kurashga provinsiya bo‘ylab o‘t o‘chiruvchilar jalb etilgan.