Ispaniya polisiyasi Yevropa polisiyasi bilan hamkorlikda Yevropaning yirik kokain savdogarlariga xizmat ko‘rsatuvchi xalqaro soya bank tarmog‘ini yo‘q qildi.
Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy tashkilot giyohvand moddalar savdosini moliyalashtirgan, bank tizimini chetlab o‘tib, pullarni chet elga o‘tkazgan, daromadlarni yuvib yurgan va to‘lovlar uchun kriptovalyutadan foydalangan.
Besh yillik xalqaro tergov doirasida yigirma bitta gumondor hibsga olingan. O‘n to‘rt nafari Ispaniyada, qolganlari BAA, Misr, Niderlandiya va Shvesiyada hibsga olingan. Yana 12 gumondor ozodlikda. Hibsga olinganlar orasida tergovchilar operasiyaning asosiy nishonlaridan biri deb hisoblagan soya moliyaviy tarmog‘ining asosiy ishtirokchisi ham bor.
Huquqni muhofaza qilish organlari shuningdek, taxminan 20 million yevro qiymatidagi aktivlarni muzlatib qo‘ydi. Ular orasida 2,3 million yevrolik 121 ta bank hisoblari, 14 million yevrodan ortiq qiymatdagi 48 ta mulk va 1,6 million yevrodan ortiq qiymatdagi hashamatli avtomobillar bor edi.
Tergov 2021 yilda 1,84 tonna kokain olib ketayotgan "Nexir" kemasi ushlanganidan keyin boshlangan. Kontrabandachilar 1,65 tonna giyohvand moddalarning yana bir partiyasini yashirish maqsadida kemani Xixon portida qasddan cho‘ktirishdi. Tergov tergovchilarga xalqaro yer osti moliyaviy tarmog‘ini fosh qilish imkonini berdi.