Xalqaro turnirning “B” guruhida dona surgan terma jamoamiz a’zolaridan Javohir Bozorov xalqaro turnir yakuniga ko‘ra, 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Islombek Sindarov 3-o‘rin, Marjona Malikova 77 nafar shaxmatchi orasida 5-o‘rindan joy oldi.
Xalqaro turnirning “B” guruhida 1-o‘rinni fransiyalik Robin Koles egalladi. Ammo Javohir Bozorov, Islombek Sindarov, Barchinoy Shokirjonova ham Robin Koles kabi 7 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan.
Shu o‘rinda ta’kidlashni istardikki, agar turnirning 8-turidagi Marjona Malikova – Abdumajid Botiraliyev, Javohir Bozorov – Islombek Sindarov o‘rtasidagi bahslarda durang qayd etilmaganida, o‘sha tur oldidan 5 ochkoga ega qozog‘istonlik Saltanat Muratova fransiyalik Robin Koles bilan kamida durangga erishganida “IV El llobregat Open Chess“ musobaqasining g‘oliblar qatori umuman boshqacha ko‘rinish olar edi. Ya’ni, o‘zbekistonlik shaxmatchilar xalqaro turnirning “B” guruhidagi bara sovrinlarga ega chiqqan bo‘lar edi.
Aynan o‘sha turdagi tub burilish holatidan keyin terma jamoamiz a’zolaridan Marjona Malikova, Madinabonu Xalilova, Maftuna Bobomurodova, Abdumajid Botiraliyev 6 ochko jamg‘arib, musobaqani 7-11-o‘rinlarda yakunladi.
Xalqaro turnirning “A” guruhida ishtirok etgan hamyurtlarimizdan Saidakbar Saidaliyev 150 nafar ishtirokchi orasida xalqaro turnirni 6 ochko jamg‘argan holda 19-o‘rinda, Muhammadzohid Suyarov (6 ochko) 32-o‘rinda yakunladi.
Halqaro turnirda 5,5 ochkoga ega bo‘lgan hamyurtlarimizdan Muhiddin Madaminov 44-o‘rinni, Humoyun Berdimurodov 46-o‘rinni, Olmos Rahmatullayev 48-o‘rinni egalladi.
Ushbu guruhda 9-tur sarhisobiga ko‘ra, 7,5 ochko jamg‘argan hindistonlik Narayanan g‘oliblikka erishdi.