Bugun 8 iyul, 2025 yil, seshanba

КИР

Ispaniya Yevroittifoqning Isroil bilan hamkorligini to‘xtatishni talab qilmoqda

Ispaniya Yevroittifoqning Isroil bilan hamkorligini to‘xtatishni talab qilmoqda

Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares Bryusselda bo‘lib o‘tayotgan Yevroittifoq davlatlari tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida Isroilga nisbatan qat’iy choralar ko‘rishni, jumladan, sanksiyalar joriy etishni talab qilishini ma’lum qildi.

Yig‘ilish boshlanishidan oldingi chiqishida Albares Yevroittifoq va Isroil o‘rtasidagi Hamkorlik bitimi amalini to‘xtatishni, Isroilga nisbatan qurol-yarog‘ embargosini joriy qilishni hamda G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealarga mas’ul bo‘lgan Isroil rasmiylariga nisbatan shaxsiy sanksiyalar kiritishni taklif qilishini aytdi.

«Isroil G‘azoda genosidni davom ettirayotgan bir paytda, Yevroittifoq sanksiyalar masalasida qat’iyat ko‘rsatishi shart. Aks holda, qolgan barcha harakatlar befoyda bo‘ladi», — dedi Ispaniya TIV rahbari.

Albares Isroilning harakatlari xalqaro huquqni buzib, BMTga a’zo davlatlarning o‘t ochishni to‘xtatish va tinch aholini himoya qilishga doir talablarini inkor etayotganini ta’kidladi. U Yevropa hamkasblarini faqat bayonotlar bilan cheklanmasdan, aniq chora-tadbirlarga o‘tishga chaqirdi.

Avvalroq Yevroittifoq Isroilga savdo imtiyozlari beradigan Assosiasiya bitimini qayta ko‘rib chiqish jarayonini boshlagani haqida ma’lum qilingan edi. Bu haqda Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevroittifoq tashqi ishlar vazirlari uchrashuvidan so‘ng YEIning tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kayya Kallas xabar berdi.

«Biz bu jarayonni boshladik. Isroil gumanitar yordamga to‘siq bo‘layotgan holatni bartaraf etishi kerak», — dedi u.

Jurnalistlarning savollariga javob bergan Kallas aniq natijalar keyinroq ma’lum bo‘lishini, biroq ish boshlanganini ta’kidladi. U G‘azoda gumanitar yordam yetkazilishi yaqin orada qayta tiklanishiga va vaziyat yaxshilanishiga umid bildirdi.

Evroittifoq va Isroil o‘rtasidagi Assosiasiya bitimi 2000 yilda kuchga kirgan bo‘lib, siyosiy va iqtisodiy hamkorlik asoslarini belgilagan. Yevroittifoq Isroilning eng yirik savdo hamkoridir.

Kiritildi: 13:46 24.06.2025. O'qildi: 476 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!