Bugun 24 avgust, 2026 yil, dushanba

КИР

Islomiy bank ochish uchun yangi talablar kuchga kirdi

Islomiy bank ochish uchun yangi talablar kuchga kirdi

O‘zbekistonda islomiy banklar va an’anaviy banklar qoshidagi “islomiy darchalar” faoliyatini tashkil etish hamda lisenziyalash tartibiga yangi talablar joriy etildi. Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan o‘zgartishlar mazkur sohadagi huquqiy asoslarni belgilab berdi.

Adliya vazirligi Bank faoliyatiga ruxsat berish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Yangi tartibga muvofiq, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun asosida islomiy bank faoliyati lisenziya asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan islomiy banklar tashkil etish va an’anaviy banklarda “islomiy darchalar” ochishning huquqiy asoslari yaratildi.

Hujjatga ko‘ra, islomiy bank yoki “islomiy darcha” tashkil etishda Islomiy moliya kengashi a’zolarining Markaziy bank bilan kelishilishi, Markaziy bank talablariga javob beradigan mas’ul rahbar xodimning mavjudligi hamda islomiy moliya standartlariga muvofiqlik siyosati ishlab chiqilgan bo‘lishi shart.

Shuningdek, Islomiy moliya kengashi kamida uch nafar a’zodan iborat bo‘lishi, ularning ma’lumoti va ish tajribasiga aniq talablar qo‘yilishi belgilandi. Kengash a’zolari bosqichma-bosqich AAOIFI xalqaro tashkiloti sertifikatlariga ega bo‘lishi, islom huquqi bo‘yicha mutaxassislar esa arab tilini bilishi lozim.

Bundan tashqari, Markaziy bank bilan kelishilgan rahbar xodimlar ishga kirishgani haqida besh ish kuni ichida Markaziy bankni yozma ravishda xabardor qilish talabi bekor qilindi.

Kiritildi: 12:45 21.07.2026. O'qildi: 1461 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!