Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Islomda poklik yoxud Fransuz Qiroli Lyudovik XIV ning hayotda ikki marotaba yuvingani

Islomda poklik yoxud Fransuz Qiroli Lyudovik XIV ning hayotda ikki marotaba yuvingani

Nafsni poklash va axloqni sayqallash borasidagi vositalardan biri bu — tahoratdir.

Arab tilidagi «tahorat» so‘zini o‘z tilimizga tarjima qiladigan bo‘lsak, «poklik» degan ma’no kelib chiqadi.

Tahorat «tohura» so‘zining masdari bo‘lib, «pokiza bo‘ldi», «kiri ketdi» degan ma’nolarni anglatadi.

Bu ma’nodagi poklik keng tushunchadir. Uni barcha pokliklarga nisbatan ishlatish mumkin. U najosat va hayzning ziddiga ham, kirdan va gunohdan poklanishga ham ishlatiladi.

Qur’oni karimda «tahorat» so‘zi gunohdan va butlardan poklanish ma’nosida, halol ma’nosida, qalb pokligi ma’nosida hamda fahshdan, betahoratlik va nopok narsalardan poklanish ma’nolarida kelgan.

Ulamolar istilohida ham tahoratning o‘z ma’nosi bor.

Bu haqda Rog‘ib Asfihoniy aytadi: «Tahorat ikki xil bo‘ladi: jism tahorati, nafs tahorati. Ikkisining ham istilohiy ma’nosi bor. Nafs tahorati gunohlarni tark qilish, ahli solih bo‘lish va nafsni ayblardan tozalash uchun amal qilishdir. Jismning tahorati esa betahoratlikni ko‘tarish yoki najasni ketkazish yoxud ikkisining ma’nosidagi va suratidagi narsalardir».

Islom.uz saytida berilgan «Musulmonlarga madaniyat o‘rgatish da’vosidagi ko‘hna qit’aning yaqin o‘tmishiga bir nazar» maqolada quyidagi ma’lumotlar keltirilgan:

XIX asrgacha Ovrupada dahshatli yovvoyilik hukm surgan Qit’aning holati hozirda filmlarda ko‘rsatilayotgan va xayoliy romanlarda tasvirlanayotgan jozibador manzaralardan tubdan farq qilardi. Bu holat zulmatda qolingan o‘rta asrlargagina tegishli bo‘lmay, balki tinimsiz madh qilingan. Uyg‘onish va Renessans zamonlarida ham ahvol mutlaqo o‘zgarmagan edi.

O‘sha davrdagi insonlar yuvinishga qandaydir shubha bilan qarashar, yalang‘ochlik gunoh sanalar, sovuq ham zararli – shamollab qolish mumkin edi. Ustiga-ustak, issiqqina suv to‘la vanna faqat xayolot edi, chunki o‘tin juda qimmat, hatto asosiy iste’molchi bo‘lgan Muqaddas Cherkovga uni arang yetkazib berishardi.

Ispaniya qirolichasi Izabella Kastilskayaning XV asr oxiri e’tirof qilishicha, u butun umri davomida faqat ikki marta yuvintirilgan ekan. Birinchisi yangi tug‘ilganida, ikkinchisi esa turmushga chiqayotganida.

Fransuz qirollaridan birining qizi bitlab ketishdan halok bo‘lgan. Papa Kliment Beshinchi ichburug‘dan vafot etadi, Papa Kliment VII qirol Filipp II kabi qichimadan qiynalib jon beradi. Gersog Norfolk diniy e’tiqodi tufayli yuvinishdan bosh tortadi. Shunda uning xizmatkorlari janobi oliylarining g‘irt mast bo‘lib dumalab qolishidan foydalanib, uni arang yuvintirib olishadi. Fransuz qiroli Lyudovik XIV saroyidagi rus elchilari janobi oliylari «hayvonlar kabi sasib-bijib ketgani» haqida yozishgan edi. Butun Ovrupada ruslarning o‘zini ular oyiga bir yoki undan ham ko‘proq marta hammom qilishgani uchun buzilib ketganlikda ayblashardi.

Agar XV-XVI asrlarda badavlat shaharliklar yarim yilda aqalli bir marta yuvinib turishgan bo‘lsa, oradan ikki asr o‘tgach hammom qilishni butunlay esdan chiqarib yuborishdi. To‘g‘ri, ba’zan vanna qabul qilishar edi. Biroq buni ham muolaja uchungina amalga oshirishar edi. Fransuz qiroli Lyudovik XIV hayotida faqat ikki marta yuvingan ekan. Shunda ham shifokorlarning tavsiyasi bilan suvga tushgan. Yuvinishi hukmdorni shunchalik dahshatga soldiki, hech qachon suv muolajasini olmaslikka qasam ichdi. O‘sha nasroniylik jaholati davrida tanani parvarish qilish gunoh sanalardi. Nasroniy ruhoniylari yirtiq kiyimlarda yurishni, hech qachon yuvinmaslikni buyurishardi, go‘yo shu yo‘l bilan ma’naviy poklikka erishish mumkinligini uqtirmoqchi bo‘lishardi. Shuning uchun yuvinishi mumkin emasdiki, cho‘qintirish paytida sepilgan o‘zidagi «muqaddas suv» yuvilib ketib qolishi mumkin edi.

Natijada odamlar yillab yuvinmas yoki suv nimaligini umuman bilmas edi. Kir-chirlik va bitlab ketish ruhoniylikning alohida belgilari sanalardi.

Islomda-chi? Islomda — poklik eng asosiy nuqta hisoblanadi.

Islomda ibodatlarning qabul bo‘lishi ularning poklik asosida ado etilishiga bog‘liq. Bizda poklik yo‘lida qilingan har bir ish yuqori baholanadi va uni qilgan kishiga ulkan ajr-savoblar, oliy martabalar beriladi.

Qur’oni Karimda tahoratning turli ma’nolariga oid yigirma oltita oyat kelgan. Shulardan ba’zilarini namuna uchun o‘rganib chiqamiz.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi:

ﭬ ﭭ ﭮ ﭯﭰ ﭱ ﭲ ﭳ ﭴ ﭵ ﭶ ﭷ ﭸ ﭹ ﭺ ﭻﭼ ﭽ ﭾ ﭿ ﮀ ﮁ ﮂ ﮃ ﮄ ﮅﮆ

 «Unda (masjidda) hech qachon turma! Albatta, birinchi kundan taqvo asosida qurilgan masjid unda turishing uchun haqlidir. Unda poklanishni sevadigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevadi» (Tavba surasi, 108-oyat).

Alloh subhanahu va taolo ushbu oyati karimada poklikni va pok kishilarni madh etmoqda. Pok kishilarni yaxshi ko‘rishini e’lon qilmoqda. Bu esa Alloh taolo tomonidan poklikka qanchalik e’tibor berilishini ko‘rsatib turibdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan tahorat haqida oltmishdan ziyod hadislar rivoyat qilingan.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: «إِذَا تَوَضَّأَ الْعَبْدُ الْمُسْلِمُ أَوِ الْمُؤْمِنُ فَغَسَلَ وَجْهَهُ خَرَجَ مِنْ وَجْهِهِ كُلُّ خَطِيئَةٍ نَظَرَ إِلَيْهَا بِعَيْنَيْهِ مَعَ الْمَاءِ أَوْ مَعَ آخِرِ قَطْرِ الْمَاءِ، فَإِذَا غَسَلَ يَدَيْهِ خَرَجَ مِنْ يَدَيْهِ كُلُّ خَطِيئَةٍ كَانَ بَطَشَتْهَا يَدَاهُ مَعَ الْمَاءِ أَوْ مَعَ آخِرِ قَطْرِ الْمَاءِ، فَإِذَا غَسَلَ رِجْلَيْهِ خَرَجَتْ كُلُّ خَطِيئَةٍ مَشَتْهَا رِجْلَاهُ مَعَ الْمَاءِ أَوْ مَعَ آخِرِ قَطْرِ الْمَاءِ حَتَّى يَخْرُجَ نَقِيًّا مِنَ الذُّنُوبِ». رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Musulmon – yoki mo‘min – banda tahorat qilsa, yuzini yuvganda o‘sha suv – yoki o‘sha suvning oxirgi qatrasi – ila uning ikki ko‘zining nazari orqali qilgan xatolari yuzidan to‘kiladi. Ikki qo‘lini yuvsa, o‘sha suv – yoki o‘sha suvning oxirgi qatrasi – ila uning ikki qo‘li bilan qilgan xatolari to‘kiladi. Ikki oyog‘ini yuvsa, o‘sha suv – yoki o‘sha suvning oxirgi qatrasi – ila ikki oyog‘i bilan yurib qilgan xatolari to‘kiladi. Shunday qilib, u gunohlardan pok bo‘lib chiqadi», dedilar».

Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan.

عَنْ أَبِي مَالِكٍ الْأَشْعَرِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: «الطُّهُورُ شَطْرُ الْإِيمَانِ، وَالْحَمْدُ لِلَّهِ تَمْلَأُ الْمِيزَانَ، وَسُبْحَانَ اللهِ وَالْحَمْدُ لِلَّهِ تَمْلَآنِ أَوْ تَمْلَأُ مَا بَيْنَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ، وَالصَّلَاةُ نُورٌ، وَالصَّدَقَةُ بُرْهَانٌ، وَالصَّبْرُ ضِيَاءٌ، وَالْقُرْآنُ حُجَّةٌ لَكَ أَوْ عَلَيْكَ، كُلُّ النَّاسِ يَغْدُو فَبَايِعٌ نَفْسَهُ فَمُعْتِقُهَا أَوْ مُوبِقُهَا». رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالنَّسَائِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ.

Abu Molik al-Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar:

«Poklik iymonning yarmidir. «Alhamdu lillaahi» tarozini to‘ldirur. «Subhanallohi va Alhamdu lillaahi» osmonlaru yerning orasini to‘ldirurlar. – Yoki to‘ldirur. – Namoz nurdir. Sadaqa burhondir. Sabr ziyodir. Qur’on sening foydangga yoki zararingga hujjatdir. Barcha odamlar harakat qilib o‘z jonini savdoga qo‘yuvchidir. Bas, ular uni ozod qiluvchi yoki uni halok qiluvchilardir».

Muslim, Nasoiy va Termiziy rivoyat qilishgan.

Manba: islom.uz

Kiritildi: 22:38 14.11.2019. O'qildi: 6935 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!