Trampning savdo urushining yangi bosqichi jahon fond va kripto bozorlariga qattiq zarba berdi.
AQSh prezidenti Pekinning nodir metallar eksportini cheklashga urinishiga javoban Xitoydan import qilinadigan mahsulotlar uchun tariflar oshirilishini va boshqa savdo choralarini e’lon qildi.
Trampning so‘zlari tufayli birgina AQSh fond bozori 1,65 trln dollar yo‘qotdi. Buni falokat deb bo‘lmaydi, ammo kriptobozorning reaksiyasi kutilmaganda ancha jazavali bo‘ldi.
Masalan, Kiyevda o‘zining hashamatli superkarlaridan birida Ukrainada mashhur bo‘lgan kriptobiznesmen - 32 yoshli Konstantin Ganich (Kostya Kudo) o‘z joniga qasd qildi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, u kriptovalyutalarga nafaqat o‘z pullarini, balki unga ishongan odamlarning katta miqdordagi mablag‘larini ham kiritgan, biroq foyda o‘rniga zarar ko‘rgan.
Ganichning o‘limini uning telegram kanali ham tasdiqladi: "Konstantin Kudo fojiali tarzda vafot etdi. Sabablari tergov tomonidan aniqlanadi."
Ukraina polisiyasi "qasddan odam o‘ldirish" moddasi bo‘yicha "o‘z joniga qasd qilish" belgisi bilan ish qo‘zg‘atdi.
Qayd etilishicha, 10 oktyabrdan 11 oktyabrga o‘tar kechasi AQShning ko‘plab yirik kompaniyalari aksiyalari, shuningdek, deyarli barcha kriptovalyutalar qulagan. Insider UA Telegram-kanali ma’lumotlariga ko‘ra, Kudo kamida 30 million dollarlik pullarini yo‘qotishi mumkin.