Farg‘ona viloyatining sharafli o‘g‘loni, O‘zbekiston U-17 terma jamoasini Osiyo chempionligiga yetaklagan va Jahon chempionati nimchorak finaliga olib chiqqan murabbiy — Islombek Ismoilov “Neftchi” PFKning yangi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda Farg‘ona viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan Islombek Ismoilov yosh bo‘lishiga qaramay, milliy futbolimizda sezilarli natijalarga erishib, murabbiylik sohasida eng istiqbolli kadrlardan biri sifatida tanilgan. U boshqargan U-17 terma jamoasi zamonaviy o‘yin uslubi, intizom va xarakter bilan mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi.
“Neftchi” jamoasi chempioni sifatida kelgusi mavsumdagi asosiy vazifalar — chempionlikni saqlab qolish va mustahkamlash, Osiyo Chempionlar Ligasi elit bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etish, jamoaning raqobatbardosh va uzluksiz rivojini ta’minlash.
"Islombek Ismoilovga jamoamizni boshqarishdek sharafli va mas’uliyatli vazifada ulkan zafarlar tilaymiz" - deyiladi farg‘onaliklarning rasmiy bayonotida.