Do‘stim mendan:
– Islom ayollarga nisbatan zulmkor, degan gapga qo‘shilasanmi? – deb so‘radiyu, Islomda ayollarning kamsitilishiga doir misollarni sanab ketdi: - Masalan, ko‘p xotinlilik, ayolning to‘rt devor ichiga qamab qo‘yilishi, majburan paranji o‘ratilishi, oiladagi qulday ahvoli, eriga so‘zsiz bo‘ysunishi, erining o‘z cho‘risi bilan nikohsiz ishrat qilish huquqi borligi, merosni taqsimlashda ayollar erkaklar ulushining yarmini olishi va boshqalarga nima deysan?
– Bu safargi ayblovlar ko‘p va u haqda uzoq bahs yuritish mumkin. Va gapni juda uzoqdan, Islomgacha bo‘lgan davrdan boshlashga to‘g‘ri keladi. Islomning johiliyat paytida yuzaga kelgani senga ma’lum bo‘lsa kerak deb, o‘ylayman. O‘sha paytlarda yangi tug‘ilgan qizaloqlarni tiriklayin yerga ko‘mardilar, erkaklar o‘nta va undan ko‘proq xotinga uylanishardi, xo‘jayin o‘z cho‘rilarini fohishalik qilishga majburlar va buning evaziga katta pul ishlardi. Islomda erkaklarning to‘rtagacha uylanish huquqi esa bu – yo‘l berilgani, aslo majburiyat emas. Bu holat yana ayolning sharmanda bo‘lish ehtimolidan, bevaqt o‘limdan, qashshoqlik va qullikdan xalos bo‘lish imkoniyatidir. Nahotki ayolarni «ozodlikka» erishgan Ovrupoda – buzuqlik, axloqsizlik, munofiqlik avjiga mingan, erkaklari rasman bitta ayol bilan nikohda turib, amalda o‘nlab ayollar bilan zino qilib yurgan o‘lkalarda ayollarning ahvoli yaxshiroq deb o‘ylasang?
Ayol uchun oilali erkakning huquqsiz cho‘risi, yashirin ma’shuqasi va atrofidagilar nafratlanadigan o‘ynashi bo‘lgandan ko‘ra erining ikkinchi, qonuniy, to‘la huquqli xotini bo‘lgani yaxshi emasmi?
Shu bilan birga islom ko‘p xotinlilikda ancha murakkab shartlarni, aniqrog‘i xotinlar o‘rtasida adolat va teng huquqlilikni joriy etganki, bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat etiladi: "Endi agar adolat qila olmaslikdan qo‘rqsangiz, bir ayolga (uylaning)" ("Niso" surasi, 3-oyat). "Har qancha urinsangizlar ham xotinlaringiz o‘rtasida adolat qilishga qodir bo‘lmaysizlar" ("Niso" surasi, 129-oyat).
Ko‘rdingizmi, payg‘ambarlar va ularga tenglashtirilgan alohida kishilardan tashqari, hech kim, agar ular juda xohlashsa ham ayollarga adolatli bo‘la olmas ekan.
Uzlat, go‘shanishinlik esa, payg‘ambarlarning ayollari barcha sohalarda komil bo‘lishi zarurligi uchun Payg‘ambar alayhissalom zavjalarining majburiyatlari bo‘lgan. Qur’oni karim: "O‘z uylaringizda barqaror bo‘linglar!" ("Ahzob" surasi, 33-oyat) deb buyuradi. Bu – ayol uchun eng sharafli joy – uning uyi, oila davrasi degani, uning burchi – o‘z oilasining bekasi va boshqa ayollarga ibrat bo‘lish, o‘zini butunlay bolalar tarbiyasiga baxshida qilishdan ibrat bo‘lishi kerak degani. O‘ylab ko‘ring, quyidagi holatlarning qay biri yaxshi: jamiyat ishlarida band bo‘lib, o‘zgalar xizmatini qoyillatsayu, o‘z bolalari enagalar va bog‘cha tarbiyachilari qo‘lida ona mehridan bebahra ulg‘aygani yaxshimi yoki ayol bolalari davrasida, ular tarbiyasi bilan muntazam shug‘ullangani yaxshimi? Javob lo‘nda: olimlarning yakdillik bilan tadqiq qilishlaricha, o‘z onasi tarbiyasini olgan, uning erkalashlari va g‘amxo‘rligini doimo his etib turgan bolalar, onalari butunlay o‘zlarini jamoat ishiga bag‘ishlab farzandlaridan uzilib qolgan ayollarning bolalariga qaraganda sog‘lom, aqlli va tarbiyaliroq bo‘lib ulg‘ayishar ekan. Lekin bundan islom ayollarning ijtimoiy hayotda ishtirokiga qarshi ekan-da, degan xulosa chiqmasligi kerak. Musulmon o‘lkalarda muslima ayollarning jamiyatda yuqori o‘rinlarni egallab, hatto davlat va hukumatga boshchilik qilayotganlari haqida ko‘plab misollar bor. Ayollardan mashhur shoiralar, olimalar, urush qatnashchilari, yuksak ma’lumotli, iqtidorli, boshqaruv idoralarida yuqori mansablarni egallab, Vatanga xizmat qilishda erkaklar bilan bab-baravar kuch va imkoniyatlarini sarflayotgan ko‘plab ayollar borligini ham bilamiz.
Haqiqatda Qur’on oyatlari komila insonlar bo‘lmish Payg‘ambar alayhissalomning zavjai muhtaramalariga qaratilgan, komila inson bilan oddiy odamlar orasida esa katta farq bor.
Hijob, paranji yopinish esa – ayolning o‘z manfaatiga taalluqli narsa. Uning gavdasini va yuzini to‘la yashirib, o‘ranib yurishi yaqinlarining unga bo‘lgan qiziqishni orttiradi, u ardoqli va sirli, jozibali va maftunkor xilqatga aylanadi.
Yovvoyi qabilalarda qip-yalang‘och yurilganiga qaramay, ehtiros tuyg‘usi bo‘lmagan, erkaklar o‘z ayollari bilan oyiga bir marta to‘shakni baham ko‘rishgan, homilador rafiqalariga esa ikki yilgacha umuman yaqinlashishmagan.
Yoki yoz mavsumida qumloq (plyaj)da ko‘plab yalang‘och badanlarni ko‘rasiz, lekin ular o‘zining jalb qiluvchi kuchini yo‘qotadi, qiziqish uyg‘otmaydi, yalang‘ochlik oddiy narsaga aylanib, qo‘zg‘otuvchiligi yo‘qoladi. Shunday ekan, ayol kishi o‘ranib-chirmanib, sirli, maftunkor va sevimli bo‘lib yurgani ma’qul emasmi?
Erkaklarning taloq xususidagi haqlari ayollarga ham tegishlidir. Bundan tashqari islomda Ovrupolik ayollar orzu ham qilolmaydigan haq-huquqlar bor. Masalan, islomiy nikoh ayolga mahr berishni majburlab qo‘yadi va bu xoh buyumlar, xoh qimmatbaho taqinchoqlar bo‘lsin, to‘laligicha ayol tasarrufida bo‘ladi. Ovrupoda esa ayollar turmushga chiqish uchun sep yig‘ardilar, ayolning butun mol-mulki to‘ydan so‘ng to‘laligicha erning ixtiyoriga o‘tib ketadi.
Erning xotinini urishi va jazolashi, u bilan birga yotishni tark etishi sohasidagi huquqi esa faqat qaysar va o‘jar ayollargagina tegishlidir, itoatkor, oqil va odobli ayollar erlarining muhabbat va izzat-hurmatiga sazovordirlar. Qur’oni karimdagi: "Xotinlaringizning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga pand-nasihat qilinglar, so‘ng ularni yotoqlarda tark qilingiz, so‘ngra uringlar", ("Niso" surasi, 34-oyat) degan oyati karimaga kelsak, bu Qur’oni karimning ayollar o‘jarligini yengishdagi o‘ziga xos tadbiri, Qur’on sirlaridan biri. Hozirgi fan ham inson ruhiyatini o‘rganish va u bilan bog‘liq hodisalar xususida fikr yuritar ekan, islomdagi bu tadbirlarni to‘la oqlab chiqdi. Ruhshunoslik (psixologiiya) fani ayollar ruhiyatidagi kasalliklarni ikkiga bo‘ladi: birinchisida – ayollar doimo mute’ bo‘lishni yoqtiradi, bunda ayol seviklisining kaltaklaridan, achchiq so‘zlaridan lazzat va qoniqish oladi. Ikkinchisida – ayol o‘z qudratini va hukmdorligini ko‘rsatishga intiladi, bunda ayol hukmronlik qilsa, buyruq bersa, qurbonlik qiynab azoblasa – rohatlanadi, buni fan tilida «sadizm» deyiladi. Bunday ayollarning hukmronligini, qudratini olib qo‘yish, «quroli»dan mahrum qilish kerak. Buning uchun esa ularni to‘shakda birga bo‘lish baxtidan mahrum etish kerak bo‘ladi. Olimlar jild-jild kitoblarni bag‘ishlagan ayollar o‘jarligi va uni davolash mavzuini Qur’oni karim birgina yuqoridagi oyat bilan g‘oyatda mukammal sharhlab beradi.
Do‘stimiz ta’na qilayotganiday erkakning o‘z cho‘risi bilan nikohsiz munosabat qilishiga kelsak, aslida ular aytayotganday islomda ayollarga nisbatan zulm qilinmagan, sharqshunoslar ta’kidlaganday islom qulchilikka da’vat qilmaydi ham. Chunki islom quldorlikni tugatishga chaqirgan yagona dindir. Agar biz Injil bilan va Iso alayhissalom havoriylarining Avsos xalqlariga maktublari va uning qullarga vasiyatnomasi bilan tanishsak, bularda biz qullarni o‘z xojalariga Xudoga bo‘lgan katta mutelikda bo‘lishga aniq da’vatni ko‘ramiz: «Ey qullar, o‘z xojalaringizga Xudoga bo‘lgani kabi qalbda qo‘rquv va titroq bilan bo‘ysuning!» Injil qullarni ozod etishni talab qilmaydi, balki qullar va xojalarni bir-birlariga o‘zaro hurmatda bo‘lishga chaqiradi. Islom esa qullarni ozod etishga da’vat etadi, Qur’on – qullarga erk berishni buyurgan birinchi samoviy kitobdir.
Davlatni boshqarish sohasida erkaklar salmog‘ining ko‘pligiga, ularning ijtimoiy hayotda ayollarga nisbatan ancha keng ishtirokiga kelsak, bunday holat faqat musulmon olamidagi mamlakatlarga xos bo‘lib qolmay, nasroniy mamlakatlariga ham to‘la tegishlidir. Ayol hukmdorlar insoniyat tarixida kamyob xodisadir. Hukmdorlik, kashf etish, bunyod qilish, nimanidir tuzish, qonunlar chiqarish kabi ishlarni bajarishga boy tasavvur, kuchli iroda, baquvvat mushaklar, fe’l qat’iyligiga ega bo‘lgan erkaklar munosibroqdir, chunki tabiatan ular shunday yaratilgan va ular ana shu vazifalarga loyiq ko‘rilgan. Hatto sof ayollar kasbi hisoblangan kiyim-kechak tikishda, pazandalikda, to‘qimachilikda ham bir hajvchi aytganiday, erkaklar ayollarni ancha orqada qoldirib ketishdi. Bular – isbot talab etmaydigan dalillar. Bu – oddiy xalqning islom ham, Qur’on ham xukmron bo‘lmagan dunyodagi oddiy hayotining tashqi tomoni. Buning ma’nosi shuki, erkak o‘z tabiatiga ko‘ra, Yaratguvchi tangri unga ato etgan imkoniyatlari, aql-idroqi, ruhiyati, kuch-quvvati va bardoshi kabi sifatlari bilan ayoldan ustundir. Bordiyu qayerdadir ayol kishining vazir yoki prezident etib saylanib, jahonda shov-shuv bo‘lishi ham ana shu asosni tasdiqlaydi. Islom esa bu asosni qonuniylashtirib qo‘ygan.
Islom meros taqsimlashda nega erkaklar ulushini ko‘proq qilib qo‘ygani ham xuddi ana shu yerda aniq bo‘ladi. Buning sababi – bitta, chunki erkak – oilaning tayanchi, uni barpo qiluvchisi va boquvchisi, uning himoyachisi va ustunidir. Islomning ayolga munosabati esa adolatdan va uni e’zozlashdan iborat. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning o‘z zavjalariga bo‘lgan munosabatlari ana shu g‘amxo‘rlik, mehr-oqibat va shafqatning oliy ko‘rinishidir. Rasulullohning "Sizlarning dunyoingizda menga ma’qul ko‘rilgani soliha ayollar va xushbo‘y narsalar, eng sevimli narsam – namozdir" deganlari ham ana shuni isbotlab turibdi.
Bu bilan payg‘ambar alayhissalom ayollarni xushbo‘y narsalarga va musulmon uchun eng ulug‘ ibodat bo‘lmish namozga tenglashtirmoqdalar, bu hurmat-ehtiromning eng yuqori darajasi emasmi? Rasulullohning so‘nggi va’zlari ayollar to‘g‘risidagi vasiyat bo‘lgani ham islom ayolga qanchalik e’tibor berganiga dalil emasmi?
Alloh taolo ayol uchun uy va oila davrasini, erkaklarga esa ijtimoiy hayotni tanlash bilan erkaklarga ijodiy hayotning barcha sohalarida o‘zini ko‘rsatishni ishonib topshirar ekan, ayollarga insonni tarbiyalashdek eng muqaddas, eng muhim va qimmatli bo‘lgan mashg‘ulotni ishonib topshirib qo‘ydi. Alloh o‘zi yaratgan insonni tarbiyalashdek ulug‘ vazifani ayollarga topshirib qo‘yishi nahotki ularni kamsitish bo‘lsa?!
Manba: azon.uz