Bugun 16 iyun, 2024 yil, yakshanba

КИР

«Islom moliyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi tayyor» — MB raisi o‘rinbosari

«Islom moliyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi tayyor» — MB raisi o‘rinbosari

«O‘zbekiston — 2030» strategiyasida kamida uchta tijorat bankida islomiy moliyalashtirish mezonlari va tartiblarini joriy etish hamda islomiy moliyalashtirishning qonunchilik bazasini shakllantirish vazifasi belgilangan.

«Prezidentning 2022 yil avgusti va o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlarida shu masala ko‘tarilgan edi. O‘shandan beri bu borada turli vazirliklardan iborat ishchi guruh ish olib bormoqda. Bir narsani tushunish kerak: bu juda yangi va murakkab soha bo‘lib, u ko‘plab qonun hujjatlariga, jumladan, garov to‘g‘risidagi, sudlar to‘g‘risidagi, banklar to‘g‘risidagi va Markaziy bank to‘g‘risidagi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritishni talab qiladi. Hozir qonun loyihasi tayyor, men avvalroq aytganman, bizning vazifamiz hujjatni 2024 yilda parlamentga kiritish», — dedi MB raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev.

Unga ko‘ra, «Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida»gi qonunga islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat beruvchi o‘zgartirishlar kiritilgan.

«U yerda tartib bor, faqat islomiy moliyaviy xizmatlar to‘g‘risidagi nizomning qabul qilinishi kutilgan edi. Ushbu qoida Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan, endi u davlat ro‘yxatidan o‘tishi kerak. Qabul qilinganidan keyin bu boradagi ishlar boshlanadi», — dedi u.

Shuningdek, O‘zbekistonning 12 ta banki, jumladan, «Agrobank», «O‘zsanoatqurilishbank», «Mikrokreditbank», «Ipak yo‘li» banki va boshqalar Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporasiyasi kredit liniyalari orqali murobaha xizmatlarini ko‘rsatmoqda. «Trastbank»ning Trast Muamalat shu’ba korxonasi islomiy lizing xizmatlarini taqdim etmoqda.

Murobaha — xarid narxi va ustama miqdorini ma’lum qilgan holda, tovarni uning haqqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan nasiyaga sotish orqali mijozni moliyalashtirish xizmati.

«Agar 2024 yilda asosiy qonunlarni [o‘zgartirishlar kiritishni] yakunlasak, talab va shart-sharoitlarni hisobga olgan holda, bu xizmat boshqa banklarda ham keng tarqaladi, deb o‘ylayman», — MB raisi o‘rinbosari.

2018 yil may oyida muhokamaga qo‘yilgan prezident qarori loyihasida O‘zbekistonda islomiy bank ishi va moliyalashtirish infratuzilmasini yaratish rejalashtirilgan edi. Hujjatda foizlar (ribo) ko‘rinishidagi haq to‘lashni taqiqlash, foyda va zararni tadbirkor bilan loyihadagi ishtirok ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlash, sug‘urta faoliyatini amalga oshirish (takaful), lizing faoliyati (ijara), qimmatli qog‘ozlar bilan operasiyalar (sukuk) va islomiy moliya tamoyillariga asoslangan boshqa operasiyalar bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish ko‘zda tutilgan edi.

Kiritildi: 09:20 22.05.2024. O'qildi: 911 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!