Bugun 23 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Islom Karimov haqida ilk spektakl qo‘yildi. Karimov rolini kim ijro etdi? (video)

Islom Karimov haqida ilk spektakl qo‘yildi. Karimov rolini kim ijro etdi? (video)

Islom Karimov ilmiy-ma’rifiy majmuasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning faoliyatiga bag‘ishlangan “Olov tutgan odam” nomli asar taqdimoti o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi. Islom Karimov nomidagi respublika xayriya jamoat fondi tomonidan nashr etilgan mazkur kitob yozuvchi Luqmon Bo‘rixon qalamiga mansub. Taqdimot marosimida Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova, madaniyat va san’at, adabiyot olamining taniqli vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi. 

Mazkur badiiy asarda Islom Karimovning 1986-1989 yillarda Qashqadaryo viloyatidagi rahbarlik davri, “o‘zbek ishi”, “paxta ishi” deb atalgan kampaniya avj olgan yillarda respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, milliy mustaqillik g‘oyasining tug‘ilishi, shuningdek, Islom Karimov O‘zbekiston kompartiyasi Markaziy qo‘mitasining birinchi kotibi lavozimiga tayinlangunga qadar ro‘y bergan, ham O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti uchun, ham butun mamlakat uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan voqealar qalamga olingan.

“Ma’lumki, o‘tgan asrning 80-90-yillarida sobiq Ittifoq o‘z umrining o‘ta tang, tahlikali davrini boshidan kechirardi. Bu noxush holni ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha tarmoqlarida kuzatish mumkin edi. Bir so‘z bilan aytganda, ulkan imperiya parchalanish arafasida edi. O‘sha mash’um yillar, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi boshiga og‘ir, azobli tashvishlar olib keldi. Xalqimizga malomat toshlari otildi. O‘zbekistonda poraxo‘rlik, ko‘zbo‘yamachilik, xiyonat, boqimandalik kabi qator jinoyatlar ildiz otgan degan bahona ostida Markaz tomonidan bu yerga guruh-guruh “adolatpesha amaldorlar”, taftishchilar, tergovchilar yuborildi. “O‘zbek ishi”, “paxta ishi” degan haqoratomuz iboralar paydo bo‘ldi. Oqibatda, yuzlab, minglab yurtdoshlarimiz nohaqdan-nohaq qamoqqa tashlandi, quvg‘in qilindi. El-ulusda tushkunlik, ishonchsizlik, umidsizlik kayfiyati ustuvor edi. Luqmon Bo‘rixonning “Olov tutgan odam” romanida xuddi shu davr, xuddi shu ijtimoiy holat mahorat bilan ochib berilgan.

Yozuvchi Luqmon Bo‘rixon Islom Karimov siymosini badiiy adabiyotga olib kirarkan, odatda, shu toifadagi asarlarda ko‘p uchraydigan balandparvozlikdan qochadi. Yozuvchi bosh qahramonning siyosiy-ijtimoiy portretini bo‘rttirib ko‘rsatishdan ko‘ra uning insoniylik qiyofasini chizishga, odamiylik fazilatlarini tasvirlashga harakat qiladi. Romanda Islom Karimov yurt qismati bilan bog‘liq zalvarli yukni yelkasiga olgan ulkan shaxs, salohiyatli rahbar timsolida ko‘rinishi barobarida uning hamdardlikka, dilkashlikka moyil inson ekaniga guvoh bo‘lamiz”, deya roman haqidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi atoqli adabiyotshunos olim, “O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev.

“Qashqadaryo viloyatidagi faoliyat Islom Karimovning salohiyatli rahbar, yetuk siyosatchi bo‘lib shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi. Islom Abdug‘aniyevich oddiy xalq orasida, ta’bir joiz bo‘lsa, tig‘iz voqealar girdobida qoldi. O‘sha davrning muhtojlik, zulm-zo‘ravonlik va mushkulotlarini qalban his etdi. Viloyatni qoloqlik va qashshoqlik botqog‘idan qutqarish uchun astoydil harakat qildi. Islom Abdug‘aniyevich tomonidan xalqning milliy o‘zligini tiklash, mustaqil O‘zbekiston poydevorini bunyod etish yo‘lidagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar aynan Qashqadaryoda boshlangan, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Men “Olov tutgan odam” romanimning dastlabki qismida ayni shu jarayonni yoritishga harakat qildim”, deydi roman muallifi Luqmon Bo‘rixon.

Muallif kitobni yozishda turli tarixiy manbalar hamda qalamga olingan voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan qashqadaryoliklarning shohidliklariga tayangan.

Kitob sentyabr oyi o‘rtalarida “Kitob olami”, “Sharq ziyokori” va Book.uz do‘konlarida sotuvga chiqadi. Yangi kitob, shuningdek, mamlakatimiz kutubxonalari va oliy o‘quv yurtlariga taqdim etiladi.

Taqdimot marosimida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova, O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev, “O‘zbekiston ovozi” gazetasi Bosh muharriri Safar Ostonov nutq so‘zladilar.

Tadbir so‘nggida Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri aktyorlari yangi asar asosida kichik spektaklni namoyish etildi. Ta’bir joiz bo‘lsa, tarixda ilk bor sahnada Prezident Islom Karimovning obrazi yaratildi. Unda rollarni aktyorlar Turg‘un Beknazarov, Farrux Rustamov, Ilyosxon Ibrohimov, Baxrom Boltoyev ijro etgan. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rolini ijro etish esa aktyor Azizxon Latipovga nasib etdi, deydi "qalampir.uz".

Kiritildi: 06:00 09.09.2019. O'qildi: 6900 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!