Bugun 29 iyul, 2025 yil, seshanba

КИР

Islom bank-moliya tizimining biz uchun nimasi qiziq?

A A A
Islom bank-moliya tizimining biz uchun nimasi qiziq?

Islom bank-moliya tizimining nimasi biz uchun qiziq? Nega bu masala musulmon tadbirkorlari uchun shunchalik muhim degan savolning javobi juda oddiy: barcha musulmonlar kabi yurtimiz tadbirkorlari ham o‘z faoliyatlarini nafaqat amaldagi qonunchilik doirasida, balki o‘z dinlari talablariga muvofiq tarzda – halol yo‘llar bilan amalga oshirishni istashadi.

Afsuski, musulmon tadbirkorlari uchun juda muhim masala bo‘lgan – foizsiz kreditlar, vaqtincha sheriklikka asoslangan investisiyalar, ishonch asosida moliyalashtirish va boshqa Islom bank-moliya tizimida qo‘llaniladigan turli operasiyalar shu paytgacha O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan. Bu o‘rinda Londonni Yevropa Islom bank-moliya tizimining markaziga aylantirishga erishgan Buyuk Britaniya hukumatining tajribasi diqqatga sazovordir. 2000 yilda Angliya banki davlat G‘aznachiligi bilan hamkorlikda bu tarmoqni rivojlantirishning imkoniyat va muammolarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishchi guruhi tashkil qildi va 2003 yilda mamlakat soliq va boshqarish tizimiga shu maqsadga muvofiq qator o‘zgartirishlar kiritildi.

Bugungi kunda Buyuk Britaniyada 20 ga yaqin bank-moliya muassasalari (jumladan Standard Chartered, HSBC, BNP Paribas kabi dunyoning yetakchi an’anaviy tijorat banklari ham maxsus islom darchalari orqali) islom dini talablari doirasida musulmonlarga xizmat ko‘rsatmoqda. Mamlakat aholisining 5 foizini ham tashkil qilmaydigan musulmonlar bank-moliya tizimiga katta iqtisodiy foyda keltirmasa ham, nafaqat an’anaviy, balki islom bank-moliyasida ham yetakchilik qilayotgan Buyuk Britaniya dunyoning moliyaviy markazi degan nomga loyiqligini ko‘rsatadi hamda musulmonlarga tanlash imkoniyati taqdim qilgan hukumatga musulmon olamida katta siyosiy manfaatlarga ega bo‘lish imkonini beradi.

Albatta, Islom bank-moliya tizimini bekami ko‘st, deb bo‘lmaydi. Uning ham tajriba yetishmasligi, tizimning afzalliklarini yoritish, uni global darajada ommalashtirish ustida sezilarli darajada ish olib borilmayotganligi va qisman shu tufayli hanuz yetarli darajada rivojlanib ulgurmaganligi kabi o‘z muammolari yo‘q emas.

Xo‘sh, O‘zbekistonda Islom bank-moliya tizimi rivojlanishining biz uchun qanday foydali jihatlari bor?

Islom bank-moliya tizimining rivojlanishi “HALOL” mahsulot va xizmatlar bozorining rivojlanishiga ham turtki beradi, – deydi “Xususiylashtirish, raqobatni va korporativ boshqaruvni rivojlantirish muammolarini tatqiq qilish markazi” katta ilmiy xodimi Jahongir Imamnazarov. – Chunki har qanday tadbirkorlik faoliyati, jumladan “HALOL” standarti talablari asosida mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatishni tashkil qilish moliyaviy mablag‘siz amalga oshmaydi. 

Aksariyat hollarda “HALOL” toifadagi mahsulot ishlab chiqarishni rejalashtirayotgan tadbirkorlar an’anaviy banklarning foizli kreditlaridan foydalanishni lozim topishmaydi. Masalaga mantiqan qaraganda ham Islom dini nuqtai nazaridan ta’qiqlangan – ribo, ya’ni foizga olingan kredit hisobidan ishlab chiqilgan mahsulotni to‘laqonli “HALOL” deyish to‘g‘ri emas. Shunday paytlarda Islom bank-moliya tizimining moliyaviy mahsulotlari tadbirkorlarga qo‘l kelishi shubhasiz.

Hozirda “HALOL” standarti talablariga javob beruvchi mahsulotlarni eksport qiluvchi asosiy mamlakatlar AQSH, Braziliya, Avstraliya, Germaniya kabi g‘arb davlatlari ekanligini va bu davlatlarda ishlab chiqarilayotgan “HALOL” mahsulotlar an’anaviy bank kreditlaridan foydalangan holda ham ishlab chiqarilayotganligini nazarda tutsak, mamlakatimiz oldida juda katta imkoniyat paydo bo‘ladi. Demak, O‘zbekistonda boshidanoq to‘laqonli, Islom bank-moliya tizimini o‘z ichiga olgan “HALOL” industriyasini shakllantirish va dunyo bozoriga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan “HALOL” mahsulotlar, ya’ni nafaqat o‘rnatilgan standartga muvofiq ravishda, balki Islom moliyasidan foydalangan holda ishlab chiqilgan degan mavqe bilan kirib borish mamlakatimizning musulmon dunyosidagi obro‘-e’tiborini (imijini) misli ko‘rilmagan darajada oshishiga va mamlakatimizda ishlab chiqilgan “HALOL” mahsulotlarga talabning ortishiga sabab bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

Ayni paytda Islom bank-moliya tizimi aktivlari jahon moliyaviy aktivlarining atigi bir foizini tashkil qiladi. Shunga qaramasdan dunyo aholisining salkam to‘rtdan biri musulmonlardan iborat ekanligini hisobga olsak, tarmoqning salohiyati qanchalik katta ekanligini tasavvur qilishimiz mumkin bo‘ladi.​

Manba: azon.uz

Kiritildi: 06:52 31.10.2018. O'qildi: 2371 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!