So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq sohasi va inson huquqlarini himoya qilish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Inson huquqlari, erkinligi va qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlovchi huquqiy tizim yaratildi.
Olib borilayotgan sud-huquq islohotlarining asosiga qonun ustuvorligi, fuqarolarning qonun oldida tengligi, insonparvarlik, adolatlilik va aybsizlik prezumpsiyasi kabi konstitusiyaviy prinsiplar poydevor qilib qo‘yilgan.
2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ijrosi yuzasidan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi va erkinligini ta’minlash, odil sudlovning sifati va shaffofligini oshirish, «Xabeas korpus» institutini qo‘llashni kengaytirishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Sudlarning mustaqil, erkin faoliyat olib borishini ta’minlash borasida qo‘yilgan dastlabki qadamlar o‘z natijasini berayotganini o‘tgan uch yil vaqt mobaynida oqlangan shaxslar misolida ham ko‘rish mumkin. Ma’lumki, 2016 yilgacha sudlarda oqlov hukmi chiqarish amaliyoti deyarli bo‘lmagan. Keyingi uch yilda keskin o‘zgarishni kuzatyapmiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida gapirar ekan, sud tizimini boshqa organlardan holi bo‘lishiga katta urg‘u berdi.
Davlatimiz rahbari bugungi kunga qadar amalga oshirilgan islohotlar va ularning dastlabki natijalariga mahliyo bo‘lib qolmasdan, jamiyatda inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish madaniyatini shakllantirish, shu orqali mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishimiz zarurligini ta’kidladi. Buning uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarni faqat va faqat xalq manfaati yo‘lida og‘ishmay xizmat qiladigan idoralarga aylantirishimiz lozimligini aytdi.
Ma’ruzada ishni sudga qadar yuritish bosqichida shaxsning konstitusiyaviy huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida mavjud muammolarning yechimiga qaratilgan muhim takliflar ilgari surildi. Xususan, shaxsni ushlab turish, unga prosessual huquqlarini tushuntirish kabi jarayonlarni, agar u himoyachidan voz kechsa, bu holatni ham majburiy tarzda videotasvirga tushirish tartibini o‘rnatish zarurligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ushlangan shaxsning oila a’zolari bu haqda darhol xabardor qilinishi kerakligi, buni surishtiruvchi, tergovchi va boshqa vakolatli shaxsning majburiyati sifatida qonunda aniq belgilab qo‘yish taklif etildi. Bundan tashqari, shaxsni ushlab turish va uning huquqini cheklaydigan boshqa prosessual majburlov choralarini qo‘llash holatlarini hisobga olishning elektron tizimiga o‘tish zarurligi, bu jarayonda inson omili ishtirokini iloji boricha kamaytirish lozimligi qayd etildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 118-moddasida, O‘zbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar amalga oshirishi belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-prosessual kodeksining 82-moddasida esa surishtiruv va dastlabki tergov harakatlarini yuritishda qonunlarning ijro etilishi ustidan nazorat prokuror tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Lekin ushbu bosqichlarda prokurorning xatti-harakatlari ustidan kim nazorat qilishi yoki qabul qilgan qarorlari ustidan kimga, qaysi organga murojaat qilish mumkinligi qonunchiligimizda aniq belgilanmagan edi.
Davlatimiz rahbarining ma’ruzasida kelgusi yildan boshlab prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish tartibi joriy etilishi, shu orqali surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida muvozanatni, ya’ni o‘zaro tiyib turish tamoyillarini ta’minlash imkoni yaratilishi ta’kidlandi.
Haqiqatan ham bunday muhim o‘zgarish bizning tajribamizda birinchi marta joriy etilmoqda.
Sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash biz uchun eng ustuvor vazifa ekanligi, ayniqsa, sud biron-bir mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shartligi, shu sababli sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim o‘tkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozimligi qayd etildi.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq islohotlarining muhim tarkibiy qismi sifatida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlashning samarali institutlaridan biri bo‘lgan advokaturaning roli va ahamiyatini kuchaytirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Sud ishini yuritishning barcha bosqichlarida tomonlarning tortishuvi prinsipining lozim darajada ishlashini tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirildi, advokatlarning professional faoliyatini bajarishi uchun zarur qonunchilik bazasi yaratildi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mamlakatimizda olib borilayotgan sud-huquq islohotlari jarayonida sud tizimida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, avvalo jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari sud orqali himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgandir.
Durdona Dadaxanova,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Chilonzor tuman sudi sudyasi