AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiya manziliga aytgan tahdidlari o‘z armiyasiga ega bo‘lmagan Islandiya aholisini xavotirga soldi. Bundan tashqari, Oq uyning 80 yoshli rahbari ommaviy chiqishlarida Grenlandiya bilan Islandiyani adashtirib yuborgan edi.
Qolaversa, yanvar oyida Qo‘shma Shtatlarning Islandiyadagi elchisi etib tayinlangan Billi Long Kongressda Islandiya tez orada AQShning 52-shtatiga, o‘zi esa uning gubernatoriga aylanishi mumkinligini aytgandi. Islandiyaliklarga esa bu hazil aslo yoqmadi.
Orol davlat aholisi bor-yo‘g‘i 400 ming kishi atrofida bo‘lib, uning tashqi himoyasini NATK ta’minlaydi. Reykyavik, shuningdek, Vashington bilan 1951 yilda imzolangan mudofaa kelishuviga ham ega.
Islandiya hukumatida Trampning bayonotlaridan so‘ng Yevropa Ittifoqi xavfsizlikning yana bir kafolatiga aylanishi mumkin, degan qarash ustun kelmoqda. Biroq Islandiya parlamenti deputatlari 10 yildan ortiq vaqt oldin to‘xtatilgan YEIga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni qayta tiklash masalasida yakdil emas.
"Hozirgi barcha muhokamalarning muhim jihati shundaki, odamlar shunchaki erkin bo‘lishni istashadi. Yevropadagi haqiqiy ittifoqchilarimiz va do‘stlarimizga ko‘proq tayanish oqilona harakat hisoblanadi", — dedi Yevroittifoq bilan yanada yaqin munosabatlarni yoqlab chiquvchi “Ha” ommaviy kampaniyasi rahbari Snayeros Sindradottir.
Uning asosiy raqibi, partiyalararo yevroskeptiklar harakati yetakchisi Haraldur Olafsson esa YEIni Islandiya mustaqilligi uchun tahdid deb ataydi. Olafssonning fikricha, Bryussel Islandiyani boshqarishni va bu yerda o‘z qoidalarini o‘rnatishni xohlaydi.
Qayd etish joizki, bugungi kunda mamlakatda YEI bilan integrasiyalashuv tarafdorlari va unga qarshi bo‘lganlar soni deyarli teng.