Bugun 22 dekabr, 2024 yil, yakshanba

КИР

ISKANDAR MAKEDONSKIY VA ZULQARNAYN BIR SHAXSMI?

ISKANDAR MAKEDONSKIY VA ZULQARNAYN BIR SHAXSMI?

SAVOL:
Iskandar  Makedonskiy va Iskandar Zulqarnayn bir shaxsmi va Qur’oni Karimdagi Zulqarnayn bu ismlarga daxldormi? Javobingiz uchun oldindan rahmat.

JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Zulqarnayn qissasi haqida Qur’oni Karimda Kahf surasida bir qancha qimmatli ma’lumotlar kelgan. Ana o‘sha eng ishonchli va yetarli ma’lumotlardir. Mazkur qissadan ma’lum bo‘lishicha, Zulqarnayn mo‘min, muxlis banda bo‘lgan. Hatto ba’zi ulamolar u payg‘ambar bo‘lgan degan ehtimollarni ham aytganlar. Zulqarnaynning shaxsi, qayerda va qachon yashagani, borgan joylari, qilgan ishlari haqida juda ko‘p gaplar bor. Turli-tuman fikrlar, farazlar va taxminlar ham ko‘p. Ulardan ayrimlari tafsir kitoblarimizda ham keltirilgan. Bu gapso‘zlar qissachi va tarixchi odamlarning izlanib, o‘rganib topgan ma’lumotlaridir. Ularni hech kim aynan Qur’onda zikr etilgan Zulqarnayn haqida deb uzil-kesil aytolmaydi. Aytsa ham, asossiz, taxmin bilan aytgan bo‘ladi. Misol uchun, ba’zilar: "Qissadagi Zulqarnayndan murod makedoniyalik Iskandar", deyishgan. Bu gap umuman noto‘g‘ri, chunki u mushrik odam bo‘lgan, butlarga, yulduzlarga sig‘ingan. Makedoniyalik Iskandarning nomi Aleksandr Makedonskiy bo‘lib, taxminan miloddan 330 yil oldin o‘tgan va Arastuning shogirdi bo‘lgan. Dunyoning ko‘p yerlarini ishg‘ol qilgan. Forsda urush olib borgan podshoh Doroni yengib, uning qiziga uylangan va hokazo. Imom Shavkoniy ushbu ma’lumotlarga xulosa yasab, Aleksandr Makedonskiy Qur’oni Karimdagi Zulqarnayn, degan gapga raddiya beradi: "Bu juda ham mushkul! Chunki u kofir bo‘lgan. Arastuning shogirdi bo‘lgan. Ko‘rinib turibdiki, Zulqarnayn solih banda bo‘lgan. Alloh unga keng mulkni bergan va bunga Qur’on ishora qilgan". Zulqarnayn Mag‘rib va Mashriqning chekka joylarigacha borgan, Ya’juj va Ma’juj qavmiga yo‘liqib, ularni to‘g‘on bilan to‘sib qo‘ygan. Aleksandr Makedonskiyning mazkur narsalarning birortasiga muyassar bo‘lgani tarixda ma’lum emas. "Zulqarnaynning Aleksandr Makedonskiy bilan chalkashtirilishiga asosiy sabab, arablarning Aleksandrni arabchalashtirib Iskandar deb atashlari bo‘lgan", deyishadi ba’zi mutaxassislar. Abu Rayhon Beruniy o‘zining "Al-Osor al-Boqiya anil qurunil xoliya" nomli kitobida Zulqarnayn Yamandagi Humayr davlati podshohlaridan biri Abu Bakr ibn Ifriqish ekanini ta’kidlaydi. Nima bo‘lganda ham, makedoniyalik Aleksandr Allohning yagonaligiga ishongan mo‘min emasligini, kofir bo‘lganini hech kim rad qila olmaydi. Qur’ondagi Zulqarnayn esa mo‘min, solih odamdir. Shuning uchun turli taxminiy gaplarni bir tomonga qo‘yib, Allohning Kalomidagi ma’lumotlargagina suyanishga, qissadan ko‘zlangan maqsadni anglab, undan foydalanishga o‘tganimiz ma’qul. Vallohu a’lam.

Kiritildi: 21:36 06.03.2021. O'qildi: 10578 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!