13-15 sentyabr kunlari Iroq shimolidagi Gara mintaqasida amalga oshirilgan havo operasiyalari davomida terrorchilarning 31 ta nishoni, shu bilan birga, u yerdagi jangarilar joylashgan boshpana va g‘orlar yo‘q qilindi. Bu haqda shanba kuni Turkiya Milliy mudofaa vazirligi xabar berdi.
Turk Qurolli Kuchlari mamlakat xalqi va xavfsizlik kuchlariga qarshi terror xurujlarining oldini olish hamda chegaralar himoyasini ta’minlash maqsadida BMT Nizomining 51-moddasidan kelib chiqqan holda o‘zining mudofaa huquqlariga muvofiq operasiyalar o‘tkazmoqda.
Departament, Turk Qurolli kuchlarining terrorizmga qarshi qat’iy kurashni davom ettirishini ta’kidladi.
Prezident Rejep Tayip Erdo‘g‘an, PKK jangarilari Turkiyada birinchi marta qonli jinoyat sodir etgan 1984 yildan buyon 2020 yilning martigacha mamlakatning 7500 nafar xavfsizlik kuchlari va 6800 nafar tinch aholi vakillari bu qotil tashkilot qo‘lidan halok bo‘lganini aytib o‘tdi.
Ma’lumki, AQSh va Yevropa Ittifoqi PKKni terror tashkiloti ro‘yxatiga kiritgan. Anqaraning mavjud vaziyatni hal qilish yo‘llarini topishga urinishlariga qaramay, terror tashkiloti PKK 2015 yilning iyul oyidan beri qurolli hujumlarni qayta boshladi. So‘nggi yillarda PKK mintaqadagi qonli jinoyatlar uchun mas’uliyatni o‘z bo‘linmalariga o‘tkazishga harakat qildi.
Suriyada PPK terroristlari PYD va YPG nomlari ortiga yashirinib, so‘nggi ikki yil ichida o‘zlarini “Suriya Demokratik kuchlari” deb atashdi. Eronda PKK Kurdiston erkin hayot partiyasi (PJAK) sifatida faoliyat yuritadi.