Bugun 17 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Iroq neftni Suriya orqali sisternalarda tashimoqda

Iroq neftni Suriya orqali sisternalarda tashimoqda

Iroq Hormuz bo‘g‘ozida kemalar harakati cheklangani sabab neftni Suriya orqali quruqlikdan eksport qilishni boshladi. Mazkur yo‘nalishdan o‘nlab yillar davomida foydalanilmagan. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Basra shahri yaqinidagi neftni saqlash ombori oldida yuzlab sisternalar navbatda turibdi. Ular neftni sahro orqali Suriyaning Baniyas portiga yetkazadi. Tashish xarajatlari yuqori bo‘lishiga qaramay, Suriyadagi uzoq yillik mojaro yakunlangani sababli bu yo‘nalish yana dolzarb bo‘lib qoldi.

“Qatarning UCC Holding energetika xoldingi oktyabr oyidan beri Iroq neftini Baniyasga tashimoqda”, dedi Basra Oil Company davlat kompaniyasi bosh direktori Bassem Abdul Karim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xolding SOMO davlat eksport kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma doirasida kuniga 120 mingdan 150 ming barrelgacha neft tashimoqda.

“Biz neftni Tuba omboridan yuklab olib, Baniyas portiga tashiymiz. Borib kelish besh kungacha vaqt oladi”, deydi haydovchilardan biri Ishoq Muhammad.

Bitim kuchga kirgan 26 oktyabrdan buyon UCC qariyb 1,6 million barrel neft tashigan. Reuters tanishib chiqqan hujjatga ko‘ra, xolding 14 oktyabrdan boshlab uch oy davomida bir barreli uchun 38 dollarlik chegirma bilan 5 milliondan 14 million barrelgacha og‘ir neft yuklab olishni rejalashtirgan.

UCC neftni Suriya orqali tranzit qilish xizmati uchun har bir barreldan taxminan 12 dollar oladi. Baniyasdan esa neft tankerlar orqali O‘rta dengiz bo‘yidagi neftni qayta ishlash zavodlariga, jumladan Gresiya, Italiya va Turkiyaga yetkaziladi.

12 noyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtonga endi Eron bilan kelishuv kerak emasligini, chunki AQSh “bo‘g‘ozni o‘z nazoratiga olganini” bildirdi. Bundan ikki kun oldin Eron oliy rahnamosining maslahatchisi Muhsin Rizoiy Tehron muzokaralarni qayta boshlash va Hormuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha ilgari surilgan yetti shartga javob kutayotganini aytgandi.

Kiritildi: 22:55 15.11.2026. O'qildi: 725 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik