Iroq 2026 yil sentyabr oyigacha xorijiy qo‘shinlar mamlakatdan to‘liq olib chiqilishini kutmoqda, chunki endi ISHID terrorchilik guruhi tahdidini ko‘rmaydi.
Bu haqda Iroq bosh vaziri Muhammad Shia as-Sudaniy ma’lum qildi.
"ISHID endi xavf tug‘dirmaydi. Mamlakatda, Xudoga shukur, barqarorlik va xavfsizlik bor. Bu yerda 86 davlatning koalisiya tarkibida bo‘lishini qanday oqlash mumkin?" - dedi bosh vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Bag‘dod mamlakatdagi barcha qurolli guruhlar ustidan davlat nazoratini o‘rnatishni rejalashtirmoqda, biroq chet el qo‘shinlari, xususan, AQSh qo‘shinlari olib chiqilmasa, buning iloji bo‘lmaydi, chunki ba’zi guruhlar ularni bosqinchi kuchlar deb biladi.
"Bu qo‘shinlar olib chiqib ketilganidan keyin, albatta, davlat tuzilmalaridan tashqaridagi barcha qurolli guruhlarni yo‘q qilish bo‘yicha aniq dastur amalga oshiriladi. Bu barcha guruhlarning talabi", - deya qo‘shimcha qildi u va jangarilar qurollarini qo‘ygandan keyin yo rasmiy xavfsizlik idoralariga qo‘shilishlari yoki siyosatga kirishlari mumkinligini ta’kidladi.