Irlandiya hukumati Falastin hududlarida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar bilan savdoni rasman taqiqlashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda mamlakat vise-premyeri Saymon Xarres bayonot berdi. Unga ko‘ra, tashabbus “genosid xatti-harakatlari”ga qarshi qaratilgan bo‘lib, Irlandiya jamiyatining pozisiyasini aks ettiradi.
May oyida hukumat tomonidan dastlabki ma’qullovdan o‘tgan qonun loyihasiga ko‘ra, mamlakat bojxona qonunchiligiga o‘zgartish kiritiladi. Unga binoan, G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusdagi Isroil posyolkalaridan mahsulot olib kirish qonunbuzarlik deb baholanadi.
Xarres ushbu tashabbus boshqa Yevropa davlatlarini ham shunga o‘xshash choralarni ko‘rishga ilhomlantirishiga umid bildirdi: “Har bir davlat o‘zda mavjud barcha vositalardan foydalanishi kerak”, — dedi u.
Agar qonun parlament tomonidan qabul qilinsa, Irlandiya Yevropa Ittifoqidagi Isroilning ishg‘ol ostidagi hududlardagi faoliyatiga qarshi aniq iqtisodiy choralar ko‘rgan birinchi davlatga aylanadi.