Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

iPhone muallifi Stiv Jobs haqida bilasizmi?

iPhone muallifi Stiv Jobs haqida bilasizmi?

Texnologiya olamida inqilob yasagan Stiv Jobs haqida bilmagan va eshitmagan odam kam uchrasa kerak. U barpo etgan Apple kompaniyasi hozirgi kunda ham butun dunyoga eng zamonaviy IT texnologiyalarini taqdim etib kelmoqda.

Stiv Jobs 1955 yilda AQShning San-Fransisko shahrida tug‘ilgan. Uning otasi suriyalik, onasi esa kelib chiqishi nemis bo‘lgan. Ular universitetda tanishgan. Onasi talaba edi, otasi esa o‘sha yerda ishlardi. Biroq qiz oilasining qarshiligi tufayli yoshlar tez orada ajralishdi. Stiv tug‘ilganidan so‘ng onasi uni kelajakda o‘qitish sharti bilan Jobslar oilasiga berib yubordi.

Vaqt o‘tib Stiv va uning singlisi texnologiyalar markazi hisoblangan Maunt Vyu shahriga ko‘chib o‘tishdi. Stiv kollejda o‘qib yurgan kezlari uning elektronikaga qiziqishi ortdi va maxsus to‘garakka qatnashdi.

Balog‘at yoshiga yetgan yosh Stiv biznesdagi sherigi va do‘sti Voznyak bilan tanishdi. Voznyak ham Jobs singari elektronikaning ashaddiy muxlisi edi. Ular birgalikda yangi elektron texnologiyalar yaratish ustida ishlay boshladi.

Ularning birinchi ixtirosi – bu telefon tizimini buzishga qodir bo‘lgan texnologiya edi. Mazkur texnologiyani mo‘maygina pulga sotishdi.  Bu orada Stiv elektron o‘yinlar dasturlash bilan shug‘ullanadigan “Atapi” kompaniyasiga ishga kirdi va tajribasini oshirdi.

Voznyak esa bu vaqtda Stiv Jobs yordamida o‘z dasturlarini yaratishni boshladi.  Biroz vaqt o‘tgandan so‘ng Voznyakning dasturlari yaxshi foyda keltirishi mumkinligini anglashdi va mablag‘ topib, o‘z kompaniyalariga asos solish qolgandi. Tez orada texnologiyalar bozorida yangi Apple kompaniya paydo bo‘ldi. Bu orada Jobs oldingi ishidan bo‘shadi. Otasining omborxonasi ularning birinchi ofisi bo‘lib xizmat qildi.

Yangi kompaniyaning ilk mahsulotlari juda oddiy edi. Lekin 1970 yillar o‘rtalariga kelib, Voznyak maxsus polixrom (rangli) dasturlar yaratishni boshladi. Jobs bu vaqtda kompaniyani rivojlantirish yo‘llarini qidirdi. Sarmoyachilar va biznes sheriklar topishga va Voznyak dasturlarini bozorga chiqarishga harakat qilishdi. Stiv o‘zining notiqlik qobiliyati bilan sarmoyadorlarni va iste’molchilarni jalb qilishning uddasidan chiqdi. U kompaniya mahsulotlarining reklamasi, ko‘rgazmasi bilan shug‘ullanadi. Jobs va Voznyak tomonidan asos solingan Apple kompaniyasi ko‘plab qiyinchilik va sa’y-harakatlardan so‘ng dunyoning gigant kompaniyalaridan biriga aylandi.

Kompaniya rivojlangani sari, ziddiyatlar ham ortib bordi. Bu holat, ayniqsa, rahbarlar o‘rtasida ko‘zga tashlandi. Natijada 1984 yilda Stiv o‘zi barpo etgan kompaniyadan ketdi va Next nomli boshqa kompaniyaga asos soldi. Stivning yangi kompaniyasi ham elektron texnologiyalar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirildi.

O‘sha vaqtning o‘zida Stiv Next bilan bir qatorda, noodatiy bo‘lgan Pixar multiplikasion kompaniyasini sotib oldi. Pixar kompaniyasi Stiv Jobs rahbarligida ko‘plab multfilmlar yaratdi. Ularning orasida eng mashhur bo‘lgani “O‘yinchoqlar tarixi” multfilmi. Bu ikki kompaniya Jobsga yaxshigina daromad keltirdi.

O‘n yil o‘tib, 1990 yillar so‘nggida Jobs Applega qaytdi va tarixda eng ko‘p sotilgan yangi avlod kompyuterlarini yaratishni boshladi. Bunday mahsulotlar iMac nomi ostida chiqarildi. Asta sekin Jobsda yirik bo‘lmagan yangi va ixcham kompyuter yaratish g‘oyasi tug‘ildi. Shu tarzda hozirgi kunda eng mashhur va eng ommabop  hisoblangan afsonaviy iPhone dunyoga keldi.

2000 yillar o‘rtalarida Jobsda oshqozon osti bezi saratoni aniqlandi. U ilgarigidek, sahnada Applening yangi mahsulotlarini taqdim etishda davom etdi. Biroq bu ilgarigi Stiv Jobs emasdi. Xastalikdan aziyat chekayotgan Jobs umrining so‘nggi daqiqasigacha o‘zi barpo etgan Apple bilan birga bo‘ldi. XXI asrning buyuk insonlaridan biri, IT – texnologiyalari olamida inqilobchi bo‘lgan Stiv Jobs 2011 yilda vafot etdi.

Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.

Manba: zarnews.uz

Kiritildi: 06:15 01.10.2019. O'qildi: 3494 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!