Bloomberg xabaricha, Apple yaqin yillarda iPhone qurilmalarida sun’iy yo‘ldosh orqali aloqa funksiyalarini sezilarli darajada kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu texnologiya aloqa tarmog‘i yoki Wi-Fi mavjud bo‘lmagan hududlarda ham foydalanuvchilarga keng imkoniyat yaratadi.
Yangi yangiliklarga ko‘ra, foydalanuvchilar mobil aloqa yoki Wi-Fi bo‘lmagan holatda ham “Maps” ilovasidan navigasiya sifatida foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, sun’iy yo‘ldosh orqali matnli va rasmli xabarlar yuborish funksiyasi joriy etiladi. Aloqaning binolar ichida ham barqaror ishlashi uchun yangi texnologiya yechimlari kiritilmoqda.
Kelgusi iPhone modellari 5G NTN (Non-Terrestrial Network) texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu tizim mobil operatorlar qamrovini sun’iy yo‘ldoshlar orqali kengaytiradi va natijada chekka yoki tog‘li hududlarda ham aloqa barqaror bo‘ladi. Shuningdek, mazkur texnologiya favqulodda vaziyatlarda aloqaning uzilib qolishini oldini olish imkonini beradi.
Apple kompaniyasi sun’iy yo‘ldosh APIsini uchinchi tomon dasturchilariga ham taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bu orqali favqulodda holatlar, navigasiya, ekspedisiya, logistika va qutqaruv xizmatlari uchun mo‘ljallangan ilovalar sun’iy yo‘ldosh orqali mustaqil ishlay oladi.
Applening strategik maqsadi — sun’iy yo‘ldosh aloqasi orqali iPhone qurilmalarini global aloqa tarmog‘iga aylantirishdir. Kompaniya bu orqali iPhone’ni internetdan uzilgan joylarda ham ishlay oladigan universal qurilmaga aylantirishni maqsad qilgan.