Yaqin Sharqda adolatli va keng qamrovli tinchlikka erishishning yagona yo‘li - Isroil bilan birga yashaydigan Falastin davlatini yaratish to‘g‘risidagi BMT qarorini amalga oshirishdir.
Bu haqda Iordaniya bosh vaziri o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Ayman as-Safadiy BMTning Falastin muammosini hal etishga bag‘ishlangan yuqori darajadagi xalqaro konferensiyasida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
"Falastin davlatini tan olish shoshilinch zaruratga aylandi, falastinliklar muzokaralarni boshlashga tayyorligini bildirdi, biroq Isroil tinchlik jarayoniga to‘sqinlik qilmoqda va o‘z majburiyatlarini bajarmayapti”, — dedi u. “Bunday vaziyatda BMT Xavfsizlik Kengashining yahudiy davlatiga qarshi chora ko‘rish vaqti keldi”.
As-Safadiy xalqaro hamjamiyat e’tiborini Isroilning G‘azo sektori va G‘arbiy Sohildagi bir tomonlama harakatlariga qaratdi, uning so‘zlariga ko‘ra, bu "tinchlik istiqbollariga putur yetkazadi va keskinlikni kuchaytiradi". “Biz Isroilni to‘xtatish va gumanitar falokat davom etayotgan G‘azo sektoridagi fojiaga barham berish uchun harakat qilishimiz kerak”, dedi u.