Ashobi suffalardan bo‘lgan Jarhad roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurimizga o‘tirdilar. Sonim ochiq edi. U zot:
«Son avrat ekanligini bilmaysanmi?» dedilar».
Abu Dovud, Termiziy va Buxoriylar rivoyat qilganlar.
Avvalo, hadisning roviysi Jarhad roziyallohu anhu haqida.
Jarhad ibn Xuvaylid Aslamiy, kunyalari Abu Abdurrahmon. U kishi ahli suffalardan edilar. Hudaybiyada ishtirok etganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir necha mashhur hadislar rivoyat qilganlar. Ana shu hadislardan biri – «kishilarning soni ham avratdir» degan hadis.
Bu zot to‘plagan hadislardan ba’zilarini uch «Sahih» sohiblari o‘z kitoblariga kiritishgan.
Jarhad roziyallohu anhu Madinada yashadilar va ana shu yerda Yaziyd ibn Muoviya davrida vafot etdilar.
«Ashobi suffa» sahobai kiromlardan bir guruhiga berilgan nom bo‘lib, ularning turar joylari bo‘lmaganligidan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlari ortidagi suffada yashab, ko‘proq Masjidi Nabaviyga kelgan xayr-ehsonlardan kun ko‘rar edilar.
Hozirgi kunda ham o‘sha suffa isloh qilingan holda saqlanib qolgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ashobi suffalarni ehtirom qilar, ko‘ngillarini ko‘tarar, ko‘pincha ular bilan birga o‘tirar edilar. Ana shunday o‘tirishlardan birida ushbu hadisning roviysi Jarhad roziyallohu anhuning sonlari ochilib qolganini ko‘rib, u kishiga:
«Son avrat ekanligini bilmaysanmi?» dedilar.
Ya’ni, nimaga soningni ochib o‘tiribsan, berkit, deganlar. Shundan son ham avrat ekanligi va avrati ochilib qolgan, boshqa noshar’iy holatdagi odamlarga tanbeh berish lozimligi kelib chiqadi.
Manba: islom.uz