Inson organizmidagi har bir a’zoning o‘z vazifasi bor. Masalan, yurak qon aylanish tizimida markaziy organ bo‘lib, nasos kabi qonni haydab berishda qatnashadi. Sutkasiga 150 l qonni filtrlash va qayta surish vazifalarini bajaruvchi buyraklarimizning organizmni tozalashda o‘rni beqiyos. Ammo qora taloq-chi? Bu a’zo tanamizning qaysi qismida joylashgan, uning vazifasi nima va qorataloqsiz ham yashash mumkinmi? Bu kabi savollarga javob olish uchun Sog‘liqni Saqlash Vazirligi bosh gemotologi, Gemotologiya va qon quyish ilmiy tadqiqot institutining oliy toifali shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Kazakbayeva Hamida Muhammadovna bilan suhbatlashish baxtiga musharraf bo‘ldik.
— Hamida Muhammadovna, bizga, eng avvalo, taloq qanday a’zo ekanligi, uning vazifasi va tanamizning qaysi qismida joylashganligi haqida ma’lumot bersangiz?
— Aslida, “qora jigar” ma’nosini beruvchi qora taloq qorin bo‘shlig‘ida — chap biqinning 9 va 11-qovurg‘alari sohasida joylashgan. Qon yaratuvchi a’zo hisoblangan taloq uzunchoq oval shaklida bo‘lib, qonning biologik filtri hisoblanadi. Uning hajmi va og‘irligi individual bo‘lib, organizmning fiziologik holatiga bog‘liq holda juda o‘zgarib turadi. Macalan, tinch holatda taloq kengaygan, qon yo‘qotilganda esa siqiq bo‘ladi. Uning vazifasi shundan iboratki, u qondagi begona elementlar, ya’ni bakteriyalarni hamda zararlangan, yaroqsiz eritrositlarni yo‘qotadi.
— Taloqni olib tashlashga qanday kasalliklar majbur qiladi?
— Eng avvalo, ba’zi qon kasalliklari, masalan, trombositopenik purpura, ayrim nasliy gemolitik kamqonlikda taloq faoliyati izdan chiqadi. Bunday vaqtda taloq jarrohlik usulida olib tashlanadi.
— Organizmimizdagi har bir a’zoning o‘z vazifasi bor. Lekin shunday a’zolar ham borki, ularni tamoman olib tashlasa ham inson yashashda davom etaveradi, masalan, ko‘richak yoki o‘t qopi organlari bunga misol bo‘la oladi. Xo‘sh, qora taloqsiz ham inson yashashi mumkinmi?
— Taloqda va unda uchraydigan ayrim kasalliklar haqida har birimiz yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lganimiz ma’qul. Masalan, bola taloqsiz tug‘ilishi, ba’zilarda esa ikkita va undan ortiq taloq bo‘lishi mumkin.
Taloqsiz dunyoga kelgan yoki ayrim sabablarga ko‘ra talog‘i olib tashlangan odamlar (ayniqsa, kichkina bolalar) organizmi ko‘plab bakterial infeksiyalarga sezgir bo‘lishadi. Tanadagi boshqa a’zolar kabi taloq ham ko‘pincha kasallikka chalinadi. Ammo taloqni olib tashladi degani hayot tugadi degani emas. Taloqi yo‘q bemor ham boshqa odamlar kabi yashashi, uylanishi, farzandlar ko‘rishi mumkin. Ammo talog‘i olib tashlangan kishining immun tizimi sog‘lom odamniki kabi faol bo‘lmaydi. Kamqonlik holatlari kuzatiladi. Biroq qora taloqning vazifasini bajarishni jigar, suyak ko‘migi va limfa bezlari o‘z zimmasiga oladi.
— Qora taloqning vazifasini o‘z zimmasiga olgan jigar bosim bilan ishlasa, o‘zining umumiy holatiga salbiy ta’sir qilmaydimi?
— Yo‘q, aslo, chunki jigar organizmdagi eng tiklanuvchan organ hisoblanadi. Jigar moddalar almashinuvida hosil bo‘ladigan yoki tashqaridan kirgan zaharli moddalarni zararsizlantirib, himoya vazifasini bajaradi. Qon orqali jigarga keladigan moddalardan ba’zilari organizm uchun zararli bo‘lishi mumkin. Shu moddalarni zararsizlantirish, qisman o‘t bilan chiqarib yuborish jigarning vazifasidir.
— Taloq kasalliklari bemor boshidan o‘tkazgan boshqa bir kasallikning oqibatida ham kelib chiqishi mumkinmi?
— Bunday holatlar juda ko‘p kuzatiladi. Masalan, taloq infarkti emboliya yoki taloq tomirlari trombozi oqibatida kelib chiqadi. Taloq infarkti gemorragik yoki ishemik, bir o‘choqli yoki ko‘p o‘choqli bo‘lishi mumkin. Odatda, taloqdagi infarkt o‘choqlari mayda bo‘ladi. Taloq infarkti ko‘pincha bakterial va septikendokarditda, qon-tomir kasalliklarida, mitral stenozda, jarohat va yuqumli kasalliklardan so‘ng kuzatiladi.
Kichik infarktlarda taloqning zararlangan qismi asta-sekin so‘rilib ketib, chandiqlanadi. Lekin infarkt sohasi yumshab, u yerda soxta kista paydo bo‘lishi ham mumkin. Kichik infarktlar, odatda, hech bir belgisiz o‘tadi.
— Taloqda infarkt yuz bersa, bemorda qanday klinik belgilar kuzatiladi?
— Taloqda katta infarkt bo‘lganida chap qovurg‘a osti sohasida kutilmaganda og‘riq paydo bo‘ladi, tana harorati 39 darajagacha ko‘tariladi, ko‘ngil ayniydi, ichak parhezi kuzatiladi. Infarkt yiringlaganda abssessga xos belgilar yuzaga chiqadi.
— Taloq infarkti ham jarrohlik yo‘li bilan bartaraf etiladimi?
— Taloq infarkti konservativ (dori-darmon) yo‘l bilan davolanadi. Bemor o‘rinda yotishi kerak. Unga antibiotiklar, yallig‘lanishga qarshi va og‘riq qoldiruvchi dorilar buyuriladi. Infarkt yiringlab, abssess yuzaga kelganida splenektomiya bajariladi, ya’ni taloq jarrohlik yo‘li bilan olib tashlanadi.
— Taloqning kattalashishi deganda nimani tushunish mumkin?
— Tibbiyotda bu holat splenomegaliya deb ataladi. Splenomegaliya – taloq hajmining kattalashishi. Taloq hajmi kattalashishiga sirroz, jigar o‘smalari, surunkali va o‘tkir infeksiyalar, taloqda, umuman butun organizmda qon aylanishining buzilishi, leykoz, kamqonlik va turli gematologik kasalliklari, granulematoz kasalliklarni sabab sifatida ko‘rsatish mumkin. Splenomegaliya chap tomon qovurg‘a ostida og‘riq, ich qotishi, qorin dam bo‘lishi, ishtaha bo‘lmasligi, jig‘ildon qaynashi kabi belgilar bilan bemorda namoyon bo‘ladi.
Taloq hajmi kattalashishi uning qonni tortish xususiyatini ham oshiradi. Qondan ko‘p miqdorda tortib olingan patologik hujayralar taloqning filtrlash xossasini yomonlashtiradi. Bu esa taloqning yanada kattalashishiga olib keladi. Natijada qondan juda ko‘p miqdorda hujayralar tortib olina boshlaydi va gipersplinizm (qon hujayralarining faol ravishda yemirilishi) yuzaga keladi. Bu esa qondagi eritrosit, trombosit va leykositlar miqdori kamayishiga sababchi bo‘ladi. Agar taloq kattalashganda zarur choralar ko‘rilmasa, taloq patologik hujayralardan tashqari sog‘lom hujayralarini ham yemira boshlaydi. Shu sababdan ham splenomegaliyani o‘z vaqtida davolashga alohida e’tibor qaratish lozim.
Davolashda, asosan, kasallikka sabab bo‘layotgan omilni yo‘qotishdan boshlanadi. Ba’zan kattalashgan taloqni jarrohlik usuli bilan olib tashlashga zarurat tug‘ilishi mumkin.
Manba: "7 mu’jiza" gazetasi