“Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori (102-son, 14.03.2025 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2025 yilda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlanadi.
Allomaning islom olamidagi obro‘-e’tibori va nufuziga munosib tarzda yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutadigan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi, jumladan:
2025 yil aprel oyida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘’tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazish;
xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkazish, g‘oliblar ishtirokida O‘zbekistonda madaniy-ma’rifiy uchrashuv va seminar-treninglar tashkil etish;
Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-tavhid” asarlari va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr etish.
“Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasini hamda ilmiy maqolalar tanlovi o‘tkaziladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasiga imom-xatiblar hamda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Moturidiylik ta’limoti bilimdoni” tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash tavsiya etildi.