Nashrga ko‘ra, Mask dunyodagi ilk trillionerga aylanish sari yana ulkan qadam tashlagan. Dekabr o‘rtalarida u asos solgan SpaceX kompaniyasi qiymati 800 milliard dollarga baholangan, avgustda bu ko‘rsatkich 400 milliard dollar edi.
Baholash 2026 yilda rejalashtirilayotgan SpaceX IPO'si oldidan amalga oshirilgan. Aksiyalar joylashtirilishi tarixdagi eng yirik IPO bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.
Mazkur baholash Maskning boyligini, unga SpaceX aksiyalarining taxminan 42 foizi tegishli ekanini hisobga olganda, 168 milliard dollarga oshirib, qariyb 677 milliard dollarga yetkazgan.
IPO o‘tkazilmagan taqdirda ham Maskni trillionerga aylantirishi mumkin bo‘lgan SpaceX'dagi ulushi hozir uning eng qimmat aktividir: bu ulush 336 milliard dollarga baholanmoqda. Shu bilan birga, Maskning Tesla'dagi 12 foizlik ulushi 197 milliard dollarga teng. Bundan tashqari, Maskga tegishli bo‘lgan xAI Holdings kompaniyasi (sun’iy intellekt asosidagi Grok chat-botini rivojlantiradi) hozirda 230 milliard dollar baho bilan yangi investisiyalar jalb etish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu Mask kompaniyani tashkil qilgan paytda aytgan 113 milliard dollarlik bahodan ikki barobardan ko‘pdir.